O‘zA O`zbek

09.04.2018 14:56 Chop etish versiyasi

100 nafar bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

100 nafar bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi Farg‘ona viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti hamkorligida bolalar tibbiy ko‘rigi o‘tkazildi.

Mamlakatimiz tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida aholi, ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tibbiy ko‘rik tashkil etilgan mazkur viloyat bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasining qayta rekonstruksiya qilinib, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangani ham ana shu e’tibor samarasidir. Ayni kunlarda bu yerda malakali shifokorlar murakkab jarrohlik amaliyotlarini ham bajarmoqda.

Ko‘rik davomida asosan, tana tayanch harakat tizimi, urologik xastaliklar bilan og‘rigan, terida kuyishdan qolgan asoratlari bo‘lgan bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga zarur tavsiya va maslahatlar berildi. 

5.JPG

Tibbiy ko‘rik davomida Farg‘ona va Namangan viloyatidan 100 ga yaqin bola mutaxassislar qabulida bo‘ldi. Ularning aksariyatiga mamlakatimizdagi ixtisoslashgan tibbiy muassasalarda davolanish uchun yo‘llanma berildi. Tug‘ma nuqsonli va kuyish asoratlari bor ayrim bolalar Germaniya klinikalariga jo‘natiladigan bo‘ldi.

Farg‘ona tumanidan Shohjahon Faxriddinov tug‘ma ichak kasalligi bilan tug‘ilgan edi. Shifokorlarning tezkor davo choralari va xalqaro tashkilot ko‘magi bilan u davolanish uchun 2016 yili Germaniyaga yuborildi. Muvaffaqiyatli operatsiyadan so‘ng oradan olti oy o‘tib, ota-onasi bag‘riga qaytdi.

– O‘g‘lim bugun butunlay sog‘lom, – deydi Shohjahonning onasi Muborak opa. – Hozir uchinchi sinfda o‘qiydi. Endi hech qanday kami yo‘q, barcha tengdoshlari qatorida o‘ynab-yayrab yuribdi. Buning uchun shifokorlardan bir umr minnatdorman.

9 (1).JPG

11.JPG

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat) O‘zA
3 427