O‘zA O`zbek

10.12.2019 Chop etish versiyasi

100 million so‘mlik pirotexnika vositalari to‘xtatib qolindi

100 million so‘mlik pirotexnika vositalari to‘xtatib qolindi

Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan “Chinor” yo‘l-patrul xizmati maskanida 100 million so‘mlik noqonuniy pirotexnika vositalari ushlandi.

Viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasidan ma’lum qilishicha, mazkur YPXda IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda 12 ming 50 quti yoki 732 ming dona noqonuniy pirotexnika vositalari va turli hajmdagi 556 dona salyut aniqlanib, ushlangan. Ayni paytda pirotexnika vositalarining taxminiy bahosi 100 million so‘mga baholanmoqda.

Tezkor tadbirda “O‘sh-Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan “Hyundai” rusumli yuk avtomashinasi yukxonasi tekshirilganida u yerda hech qanday hujjatlarsiz jami 5 ming quti (taxminiy bahosi 40 million so‘m) pirotexnika vositasi, shuningdek, 21 dona televizor, 5 litrli 20 dona polietilen idishda suyuqlik, 3 dona polietilen qopda esa noma’lum kukun borligi aniqlangan.

Maskan orqali o‘tayotgan fuqaro M.Sh boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashinaning yukxonasidan ham yo‘lovchi, Toshkent shahri Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro D.Xga tegishli bo‘lgan jami 144 blok turli hajmdagi salyut hamda taxminiy bahosi qariyb 14 million so‘m bo‘lgan 48 blok pirotexnika vositalari borligi aniqlangan.

Shuningdek, tadbir doirasida “Qo‘qon-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida yashovchi 1962 yilda tug‘ilgan A.X boshqaruvidagi “Kia Bongo” rusumli avtomashina tekshirilganida, mashina yukxonasidan taxminiy bahosi 57 million 600 ming so‘m bo‘lgan 7 ming 200 quti “Treniya” nomli noqonuniy pirotexnika vositalari olib ketilayotgani aniqlangan.

Yuqorida keltirib o‘tilgan holatlar yuzasidan viloyat IIBB tomonidan qo‘shimcha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

2 062
Avazbek XUDOYQULOV, O‘zA