O‘zA O`zbek

09.11.2019 Chop etish versiyasi

10-noyabr - Tibbiyot xodimlari kuni

10-noyabr - Tibbiyot xodimlari kuni

2006-yil 12-sentyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi tibbiyot xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida” qonunga muvofiq mamlakatimizda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi shifokorlarning kasb bayrami kuni sifatida har yili tantanali nishonlanib kelinadi.

Urganch shahar hokimligida ham ushbu kun munosabati bilan bayram tadbiri oʻtkazildi.

Tadbirda Prezidentimizning 2018-yil 7-dekabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2019 – 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi hamda 2019–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi soha rivojida yangi davrni boshlab bergani taʼkidlab oʻtildi.

Yana bir muhim jihat, soha vakillarining moddiy manfaatdorligini oshirish, samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2018-yil 7-noyabrdagi “Davlat tibbiyot muassasalari va sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, soha xodimlarining mehnatiga haq toʻlash miqdorlari oshirilganligi ana shu eʼtibor samarasidir.

Hozirda Urganch shahri aholisiga 5 ta tibbiyot muassasalarida 320 nafar shifokor, 845 nafar oʻrta tibbiyot xodimlari malakali tibbiy xizmat koʻrsatib kelmoqda.

Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida, endilikda tibbiy xizmatning asosiy vazifasi kasalliklarni davolash emas, balki ularning oldini olishga, aholining salomatlik koʻrsatkichlarini yaxshilashga, uzoq umr koʻrishiga hissa qoʻshishga yoʻnaltirilganligi bilan ahamiyatlidir.

Tadbirda inson salomatligi uchun masʼul, hayotimiz mazmunli va bardavom boʻlishi uchun jon kuydirayotgan, oʻzini qoʻyib, boshqalarga hayot baxshida qilishga qasam ichgan va fidoyi bir guruh tibbiyot xodimlari Urganch shahar hokimligi tomonidan munosib ragʻbatlantirildi.

1 874
OʻzA