O‘zA O`zbek

08.08.2018 17:53 Chop etish versiyasi

10 nafar yoshga ijaraga 1 gektardan yer ajratildi

10 nafar yoshga ijaraga 1 gektardan yer ajratildi Navoiy viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, 3-sektor rahbari Rustam Tursunov Nurota tumani yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda 350 nafar yigit-qiz ishtirok etdi.

Sektor rahbari yoshlarning murojaatlarini o‘rganish va hal etish uchun mutasaddi tashkilot rahbarlariga topshiriq va tavsiyalar berdi.

Tadbir davomida 50 nafar qizga 5 yillik muddat bilan imtiyozli kredit asosida tikuv mashinasi, 20 nafar yigitga qo‘y-echki sotib olishi uchun sertifikat topshirildi. 22 nafar yigit-qizning tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yer-joy va kredit so‘rab qilgan murojaati yuzasidan ham tegishli soha xodimlariga topshiriqlar berildi. 10 nafar yoshga tumandagi fermer xo‘jaliklaridan takroriy ekin ekish uchun ijaraga 1 gektardan yer ajratildi.

– Men yer egasi bo‘lish, undan unumli foydalanishga juda qiziqaman, – deydi Yangi hayot mahallasida yashovchi J.Abduraupov. – Ushbu faoliyatda o‘zimni sinab ko‘rish uchun yer so‘rab murojaat qilgandim. “Narzullo Erkin” fermer xo‘jaligidan ijaraga 1 gektar yer berildi. Unga takroriy ekin sifatida makkajo‘xori ekdim. Xo‘jalik ishchilari menga ko‘makdosh bo‘lmoqda.

Uchrashuv doirasida tumandagi fermer xo‘jaliklarining meva-sabzavot va poliz mahsulotlari ko‘rgazmasi, qovun sayli o‘tkazildi. Muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning mahorat darslari yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat) O‘zA
2 420