Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2018 18:20 Chop etish versiyasi

10 kunda 6 mingdan ziyod muammo aniqlandi

Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida mahallalar va oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashuvchi Respublika ishchi guruhi tomonidan aholi bilan muloqotlar o‘tkazildi.

Mamlakatimizda inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlash, aholining turmush darajasini yuksaltirish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish, og‘irini yengil qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qo‘shni davlat bilan chegaradosh bo‘lgan Rishton tumanida ham ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi ishlab chiqilib, ijrosini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotir. To‘rt sektor rahbari tomonidan o‘zlariga biriktirilgan hududlar bo‘yicha ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi” asosida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, tumanda ko‘plab sohalarda o‘z yechimini kutayotgan muammolar bor ekan.

Respublika ishchi guruhi tomonidan 68 mahalla fuqarolar yig‘ini o‘rganilib, 11 ming 946 xonadonga uyma-uy kirib chiqildi. O‘rganish jarayonida oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit, elektr energiya, suyultirilgan gaz, ichimlik suvi ta’minoti, yo‘llarni ta’mirlash, bandlik, xalq ta’limi kabi yo‘nalishlarda 6 mingdan ziyod muammo aniqlandi va ularning ba’zilari joyida hal etildi. Qolganlariga ham yechim topish yuzasidan aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilmoqda.

Murojaatlar bilan ishlash, xalq bilan muloqot qilish ham doimiy e’tiborda. Tuman Xalq qabulxonasi tomonidan viloyat hokimi Sh.G‘aniyevning mutasaddi rahbarlar bilan birgalikda hududdagi eng chekka mahallalarda doimiy ravishda sayyor qabuli tashkil etilmoqda. O‘tgan yili o‘tkazilgan 191 sayyor qabulga 610 murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 497 tasi qanoatlantirilgan. Ayni paytda bu ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Respublika ishchi guruhi ishtirokida o‘n kun davomida tuman mahallalaridagi 33 transformator ta’mirlandi. Qish mavsumi uchun ijtimoiy sohaga qo‘shimcha 3 ming 500 tonna, tuman aholisiga 4 ming 533 tonnadan ziyod ko‘mir yetkazib berildi. Tabiiy gaz ta’minoti qoniqarsiz bo‘lgan hududlardagi kam ta’minlangan va ko‘p oilali xonadonlarga 14 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlari yetkazib berildi. “Gumbaz” mahalla fuqarolar yig‘inining Shodlik ko‘chasiga asfalt yotqizish, 500 metr masofaga toza ichimlik suvi keltirish masalasi hal etildi.

Yuqori Avazboy mahallasida 7 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Tumanning ayrim hududlarida bo‘lgani kabi bu yerda ham toza ichimlik suviga ehtiyoj jiddiy muammolardan biridir.

– Mutasaddilar tomonidan mazkur masala o‘z yechimini topdi, – deydi "Yuqori Avazboy" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Musojon Tursunov. –Jumladan, Navro‘z, Yuqori pichoqchi, Yoshlik ko‘chalarida ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari yakuniga yetkazildi. Hududda ishga tushirilgan quduqning suvi laboratoriya nazoratida ichishga yaroqli deb topildi. Ancha yillardan beri aholini qiynab kelayotgan muammo amaliy hal etilganidan barcha minnatdor.

Aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, nogironlarga ko‘mak berish, moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash borasida ham bir qator ishlar olib borildi. Uchariq mahallasida 5 nafar imkoniyati cheklangan fuqaroga nogironlik aravachasi berildi. 15 nafariga oziq-ovqat va dori-darmonlar jamlanmasi topshirildi. Hududdagi 546 oilaning moddiy-ma’naviy ahvoli yuzasidan tegishli tadbirlar ishlab chiqildi.

Tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligi, tibbiyot, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda ham ko‘plab ishlar qilindi.

Inson manfaatlari hamma narsadan ulug‘, degan g‘oya asosida amalga oshirilayotgan bu kabi ezgu ishlar yurtdoshlarimizda ertangi kunga ishonch tuyg‘usini yanada mustahkamlamoqda. Buni rishtonliklar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Prezidentimizga bildirilayotgan minnatdorlik so‘zlarining o‘zi ham xalq bilan muloqot qilishning amaliy samarasi emasmi aslida.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
3 932