O‘zA O`zbek

01.02.2018 17:24 Chop etish versiyasi

«...Mening muhabbatim hech kimni baxtli qilmadi...»

«Pechorin qanday obraz?», «Bellaning o‘limi adolatdan edimi?», «Nima uchun asar nomi «Zamonamiz qahramoni?» Shu va boshqa ko‘plab savollarga "Telegram" tarmog‘ida yoshlardan tarkib topgan "Intellect" guruhi a’zolarining mutolaa oyligi loyihasi doirasida yanvar oyida o‘qilgan Mixail Lermontovning «Zamonamiz qahramoni» kitobi yuzasidan o‘tkazilgan muhokamada javob izlandi. Asar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

– «...Mening muhabbatim hech kimni baxtli qilmadi...». Tagiga chizib o‘qiladigan satrlar, – deydi Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining uchinchi kurs talabasi Elmurod Abdukamolov. – Rus adabiyotining yorqin vakillaridan biri – Lermontov asarlarida o‘sha davr ruhi sezilib turadi, real hayot manzaralari tasvirlanadi. Qahramonlari esa yangicha sharoitda tarbiyalangan, zamonasoz shaxslar, ular ichki olami inson ruhiy kechinmalarining tasviriga boy. Adibning 1840 yilda nashr etilgan “Zamonamiz qahramoni” kitobi so‘zboshisida shunday deyiladi: “Zamonamiz qahramoni”, muhtaram afandilar, haqiqatan ham portret, lekin bir kishiniki emas, bu – butun avlodimizning to‘la ravishda ko‘rsatilgan qusurlaridan yaralmish bir portret”.

Kitob mutolaasi yuzasidan o‘tkazilgan tanlovda Elmurod Abdukamolov g‘olib, deb topildi va kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.

– Bugungi muhokamamiz haqiqatda qarama-qarshiliklarga boy bo‘ldi va qizig‘i shundaki, kitobxonlar tomonidan bir-biriga zid ravishda bildirilgan hech bir fikr haqiqatdan yiroq emas edi, – deydi loyiha tashkilotchilaridan biri Javohir Shamsiddinov. – Bu esa guruhimiz kitobxonlarining mustaqil va mantiqli fikr yuritish qobiliyatiga ega ekanligidan dalolat. O‘ylaymanki, bugungi muhokamadan ko‘p narsa oldik, asar haqida mukammal xulosaga ega bo‘ldik...

Zavqiddin, Feruza, Elmurod ismli qatnashchilar muhokamada o‘zlarining teran fikrlari, mulohazalari bilan ajralib turdi va o‘tgan oyning eng saviyali kitobxonlari, deya ta’kidlandi. Fevral oyida mutolaa qilinishi uchun iste’dodli yozuvchi Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romani tanlandi.

Ma’lumot o‘rnida: yakunlangan yilda guruh a’zolari tomonidan ko‘plab intellektual o‘yinlar, mutolaa oyligi loyihalari, kitoblar bo‘yicha bahslar, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari hamda kam ta’minlangan oila farzandlariga mo‘ljallangan kitob o‘qish aksiyalari o‘tkazildi. Xususan, mutolaa oyligi loyihasi doirasida o‘n olti asar muhokamasi o‘tkazildi.

Loyiha muvofiqlashtiruvchisi Ilyos Safarovning aytishicha, joriy yilda loyihalar ko‘lami yanada kengaytirilmoqda. Jumladan, MTRK "Madaniyat va ma’rifat" telekanalida mutolaa oyligi loyihasi doirasida ko‘rsatuv tayyorlanib, efirga uzatilmoqda. Shuningdek, «Uyga vazifa» nomli bolalar jurnalida guruh faoliyatini yoritib borish yuzasidan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Mohigul Qosimova, O‘zA
10 303