Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.10.2017 16:54 Chop etish versiyasi

21 kishiga fuqarolik pasporti topshirildi

Jizzaxda Prezidentimiz farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan 21 kishiga fuqarolik pasporti tantanali ravishda topshirildi.

Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar inson manfaatlarini ta’minlash, har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini himoya qilish, xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. Yurtimizda istiqomat qilib, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan, lekin fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi berilishida ham davlatimizning insonparvarlik siyosati o‘z ifodasini topmoqda.

Zarbdor tumanida 26 yildan buyon yashab kelayotgan Karim Xoliqov O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilinib, Konstitutsiyamizda belgilangan barcha huquqlarga ega bo‘lgan yurtdoshlarimizdan biri. Kasbi agronom bo‘lgan K.Xoliqov o‘zining fidoyi mehnati bilan ko‘pchilikning hurmatini qozongan.

– Fuqaroligim bo‘lmagani bois huquqlarim cheklangani yuragimda armon edi, – deydi K.Xoliqov. – Bugun men hammadan ko‘ra baxtiyorman. Hayotimdagi eng katta orzuim ushaldi, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik pasportini olishga muyassar bo‘ldim. Bu ishonch meni jonajon O‘zbekistonimiz taraqqiyoti yo‘lida yanada fidoyilik bilan mehnat qilishga undaydi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga muyassar bo‘lgan arnasoylik Marvarid Shaharova, zominlik Tursunbek Mirabrorov, Sharof Rashidov tumanidan Narimon Ajdarov ham ana shunday dil so‘zlarini izhor etdi.

– “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunning 1-moddasida O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida va uning tashqarisida fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilishi alohida qayd etilgan, – deydi viloyat IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi katta inspektori, kapitan K.Abdualimov. – Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda istiqomat qilib, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ko‘plab insonlar hayoti quvonchga to‘lmoqda. Hozirga qadar viloyatimizdan 42 nafar shaxsning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi murojaati qanoatlantirildi. Fuqarolik berilgan barcha shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportini topshirish marosimlari tantanali ravishda keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilmoqda.

Tadbirda Jizzax viloyati hokimi U.Uzoqov so‘zga chiqdi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
2 496






Все о погоде - Pogoda.uz