O‘zA O`zbek

07.08.2018 17:44 Chop etish versiyasi

...2050 yilda O‘zbekistonning 10 dan ortiq kosmik sun’iy yo‘ldoshlari va Oyda o‘z yer maydoni bo‘ladi

...2050 yilda O‘zbekistonning 10 dan ortiq kosmik sun’iy yo‘ldoshlari va Oyda o‘z yer maydoni bo‘ladi Sir emas, uzoq kelajak haqida xayol surish, tasavvur qilish ko‘pchiligimiz uchun yoqimli mashg‘ulot. Aytaylik, 2050 yilda dunyo yoki siz faoliyat yuritayotgan soha qay darajada taraqqiy etadi?

...2050 yilda O‘zbekistonning 10 dan ortiq kosmik sun’iy yo‘ldoshlari, Oyda o‘z yer maydoni bo‘ladi. Mamlakatimiz yer maydonining 50 foizini sug‘orish imkoniyati yaratiladi. Yer, geodeziya, kartografiya va kadastr yo‘nalishi bo‘yicha alohida ta’lim muassasasi tashkil etilib, ushbu sohadagi barcha texnik uskunalar o‘zimizda ishlab chiqariladi. Tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada innovatsion texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalaniladi.

Bu Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi tizimida mehnat qilayotgan bir guruh faol yoshlarning 2050 yilda tizim qay darajada bo‘lishi to‘g‘risidagi tasavvurlari edi.

Ushbu tasavvurlar qo‘mita tomonidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida “Yoshlar nigohi” shiori ostida o‘tkazilgan forumda bayon etildi. Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, fikrini erkin bayon etishni o‘rganishini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan forumda tizimda faoliyat yuritayotgan 40 dan ziyod yosh ishtirok etdi.

Yoshlar forumi doirasida “Muammo va yechim” munozarasi, “Mening g‘oyam” viktorinasi, “Qo‘mita kelajagi yoshlar nigohida” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Shuningdek, qo‘mita raisi A.Abdullayev va uning o‘rinbosari M.Ro‘zmetov yoshlar bilan ochiq muloqot qildi.

Forumda faol ishtirok etgan bir guruh yoshlar maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Avaz Xudoyqulov, O‘zA
2 228