Yosh matematiklarimiz muvaffaqiyati
Joriy yilning 21-26-iyul kunlari Koreya Respublikasining Tedjon shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida xalqaro matematika musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning 21-26-iyul kunlari Koreya Respublikasining Tedjon shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida xalqaro matematika musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz vakillari ilk bor qatnashib, jamoaviy hamda yakka tartibdagi bahslarda ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan ta’lim sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar bermoqda. Maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, ularni eng zamonaviy o‘quv-uslubiy jihoz va vositalar, komputer texnikasi bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani o‘quvchilarning yuksak bilim cho‘qqilarini egallashida muhim omil bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Bilimlar bellashuvi” tanlovi o‘quvchilarning ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqini kuchaytirish, ularning o‘zlashtirishida ijobiy ko‘rsatkichlarga erishish, maktablardagi ta’lim-tarbiya jarayonini keng va atroflicha tahlil etish imkonini bermoqda.
Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan musobaqaga yoshlarni saralash uchun bilimlar bellashuvi g‘oliblari o‘rtasida ikki bosqichli tanlov o‘tkazilib, mamlakatimiz sharafini himoya qiluvchi o‘quvchilar ro‘yxati shakllantirildi.
Terma jamoa a’zolariga matematik olimlar ishtirokida maxsus mashg‘ulotlar tashkil etildi. Unda o‘quvchilarga murakkabligi yuqori bo‘lgan algebra, geometriya, matematik mantiq, kombinatorika va to‘plamlar nazariyasiga oid masalalarni yakka tartibda va jamoa bo‘lib yechishning eng ilg‘or usullari o‘rgatildi.
Ushbu nufuzli xalqaro musobaqada dunyoning 31 davlatidan 600 ga yaqin iqtidorli o‘quvchi qatnashdi. Jamoalar o‘rtasida o‘tkazilgan bilimlar bahsida Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi 15-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Sardor Saidqulov, Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi 2-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 7-sinf o‘quvchisi Jasurbek Imomov, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 8-sinf o‘quvchisi Yulduz Ne’matova, Buxoro viloyati Olot tumanidagi 31-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 8-sinf o‘quvchisi Davrbek Oltiboyev ikkinchi o‘rinni egalladi.
Yakka tartibdagi musobaqada esa Jasurbek Imomov ikkinchi o‘ringa loyiq topilib, kumush medal bilan taqdirlandi. Yulduz Ne’matova hamda Davrbek Oltiboyev maxsus sertifikatni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa intellektual musobaqada ilk bor qatnashgan yoshlarimiz umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Vatanimiz istiqlolining 23-yilligiga yosh matematiklarimizning o‘ziga xos sovg‘asi bo‘ldi.