O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

16.03.2018 19:07 Chop etish versiyasi

Yangi qonun – ilmiy faoliyat sohasida huquqiy maydonni shakllantiradi

Toshkent moliya institutida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tashabbusi bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida “Fan to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ilmiy faoliyatni yanada jadallashtirish yo‘lidagi muammolar va ularning yechimini aniqlash, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish, jumladan, “Fan to‘g‘risida”gi qonun loyihasini takomiliga yetkazish bilan bog‘liq vazifalar muhokama qilindi.

Partiya saylovoldi dasturida ilmiy faoliyatning me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, uning sanoat va iqtisod bilan aloqasini kuchaytirish, ishlab chiqarish, ilmiy-ishlab chiqarish korxonalari va birlashmalarining innovatsion faoliyatini rag‘batlantirish, ilmiy izlanish va ishlanmalar raqobatdoshligini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

“Fan to‘g‘risida”gi qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ekspertlari va partiya deputatlari hamkorligida ishlab chiqildi. Qonun loyihasi ayni vaqtda ilmiy jamoatchilik, olimlar, ekspertlar va faollar ishtirokida keng muhokama qilinmoqda.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi, avvalo, sohaga doir atamalarni bir xil talqin qilishga imkon beradigan tushunchalar va me’yorlarni o‘z ichiga olgan. Uning muhim jihatlaridan biri – bu ilmiy faoliyat sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari aks ettirilganidir. Shuningdek, qonun loyihasida ilm-fan sohasini davlat tomonidan tartibga solish prinsiplari va qo‘llab-quvvatlash shakllari aniq bayon etilgan.

Bundan tashqari, qonun loyihasida ilmiy g‘oyalardan foydalanish imkoniyatlari, xalqaro hamkorlik va chet el investitsiyalarini jalb etish, ilmiy kadrlarga qo‘yilgan zamonaviy talablar, ularning ijtimoiy-huquqiy himoyasi, fan, ta’lim va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga oid qoidalar aks etgan.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, yangi qonunning qabul qilinishi ilmiy faoliyat sohasida huquqiy maydonni shakllantirish imkonini beradi.

Tadbirda amaliyotchilar, mutaxassislar, olimlar hamda deputatlarning qonun loyihasini yanada takomillashtirishga doir takliflari tinglandi. “Fan to‘g‘risida”gi qonun loyihasini jamoatchilik ishtirokida yanada kengroq muhokama qilish hamda uni maromiga yetkazib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritish hamda qabul qilinishiga erishish yuzasidan taklif-tavsiyalar ishlab chiqildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA