O‘zA O`zbek

11.03.2019 19:40 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda AES quruvchi mutaxassislar tayyorlanadi

Oʻzbekistonda AES quruvchi mutaxassislar tayyorlanadi

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida iqtisodiy barqarorlik, aholi turmush farovonligini taʼminlashdek ezgu maqsadlar mujassam.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 19 iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu ishlar koʻlamini kengaytirishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Mazkur farmon ijrosi doirasida “Oʻzatom” agentligi tashkil etildi. OʻzA muxbiri mazkur agentlik faoliyati va mamlakatimizda birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi energetika vazirining birinchi oʻrinbosari – “Oʻzatom” agentligi bosh direktori Joʻrabek MIRZAMAHMUDOV bilan uchrashdi.

Maʼlumki, 2018 yil oktyabrida Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Prezidentlari tomonidan respublikamizdagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasiga start berilgan edi, – deydi J.Mirzamahmudov. – Ushbu start kelgusida AES qurilishi uchun maydon tanlash boʻyicha muhandislik tadqiqotlarini boshlab berdi.

Ayni chogʻda mamlakatimizda rejalashtirilayotgan atom elektr stansiyasi uchun barcha talablarga javob beradigan joyni tanlash ishlari olib borilmoqda. Buning uchun esa tanlangan joylarda geologik va seysmik tadqiqotlar oʻtkazilayotir. Oʻzbekiston ushbu masalada Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik (MAGATE) tavsiyalariga va belgilangan talablarga qatʼiyan amal qiladi.

MAGATE tavsiyalariga muvofiq, kamida AES uchun uchta maydonda tadqiqotlarni oʻtkazish lozim. Bu ish geologik, gidrologik, meteorologik, seysmik, iqtisodiy va infratuzilmaviy tadqiqotlarni oʻz ichiga qamrab oladi. Bu jarayon 1-1,5 yil davomida amalga oshiriladi.

– Oʻzbekistondagi ilk atom elektr stansiyasi Rossiya texnologiyalari asosida barpo etiladi. Ushbu loyihaning amaliy ahamiyati haqida nima deysiz?

– Darhaqiqat, birinchi oʻzbek atom elektr stansiyasi Rossiya texnologiyalari asosida quriladi. Shu munosabat bilan atom energetikasi sohasida dunyoda xorijiy loyihalar soni va koʻlami boʻyicha yetakchi hisoblangan “Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan tegishli kelishuvlarga erishildi.

Boʻlajak atom elektr stansiyasi “3+” avlodga mansub boʻlib, har birining quvvati 1 200 MVt ga teng ikkita VVER-1200 energoblokidan tashkil topadi. Ular Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikning xavfsizlik boʻyicha barcha talablariga javob beradi. Sinovdan oʻtgan mazkur texnologiya asosida bugungi kunda Novovoronej AES-2 (Rossiya)da yangi energoblok faoliyatda boʻlib, bu yerda yana bitta shunday texnologiya ishga tushirilishi kutilmoqda.

Amaliyot shuni koʻrsatadiki, AESning ishga tushirilishi atom elektr stansiyasi joylashadigan hududning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga, yangi korxonalar qurilishi istiqbollariga, yangi ish oʻrinlari yaratilishiga, mahalliy aholi farovonligi ortishiga va lokal infrastruktura rivojlanishiga sabab boʻladi.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonda birinchi atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi mamlakatga har yili 3,57 milliard kubometr gazni tejash, uni yuqori qoʻshimcha qiymatli, eksportga moʻljallangan mahsulot ishlab chiqarish uchun chuqur ishlov berishga yoʻnaltirish imkonini beradi. Shu bilan birga, AES qurilishi paytida 8 ming kishiga moʻljallangan ish oʻrni, atom elektr stansiyasi ishga tushgach esa 2,5 mingga yaqin ish oʻrni yaratilishiga erishish mumkin.

– “Oʻzatom” agentligi qisqa davrda koʻplab xorijiy mamlakatlardagi AESlar faoliyatini oʻrganib chiqishga muvaffaq boʻldi. Ushbu tajriba boʻlajak AES uchun qanchalik ahamiyatli?

– Bu jarayonda, eng avvalo, loyiha boʻyicha oʻxshash atom elektr stansiyasi, jumladan, Novovoronej AES-2 ish tajribasini oʻrganish muhimdir. Yuqorida taʼkidlaganimdek, unda ham Rossiya texnologiyalariga asoslangan VVER-1200 atom reaktorlaridan foydalaniladi. Novovoronej AES-2 ish tajribasi shuni koʻrsatadiki, ushbu loyiha eng zamonaviy xalqaro talablarga va MAGATE tavsiyalariga mosdir.

Darhaqiqat, “Oʻzatom” agentligi mutaxassislari boshqa mamlakatlardagi bir qator AESlarni borib koʻrishga muvaffaq boʻldi. Amaldagi atom elektr stansiyalari bilan tanishishdan tashqari atom energetikasi sohasidagi tuzilmalar bilan hamkorlik kelishuvlariga erishildi. Ular orasida Vengriya, Belarus, Ukraina, Yaponiya kabi davlatlar bor. Bunday hamkorlik Oʻzbekistonga birinchi AES qurilishida hamkor mamlakatlar tajribasiga tayanish imkoniyatini yaratadi.

“Oʻzatom” agentligi Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik bilan faol muloqot olib bormoqda. Bu esa Oʻzbekiston va MAGATE hamkorligining sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilishiga imkon berdi. Xususan, 2019 yil 31 yanvarida MAGATE bosh direktori Yukiya Amano bilan muzokaralar oʻtkazildi. U radiatsion va yadroviy xavfsizlikni taʼminlash va oshirish, shuningdek, texnik hamkorlik doirasida loyihalarning amalga oshirilishi boʻyicha qoʻshma faoliyatning samaradorligidan mamnun ekanini bildirdi.

Uchrashuvda MAGATE rahbari Oʻzbekistonda AES qurilishi taʼlim tizimini takomillashtirish, yadroviy-muhandislik fanlari, qurilish sanoati va energetikani rivojlantirish uchun puxta poydevor yaratishini alohida taʼkidladi. Mazkur tashkilot tomonidan mamlakatimizga texnik va ekspert yordam koʻrsatish, shuningdek, atom elektr stansiyasi qurilishi boʻyicha loyihani amalga oshirishga koʻmaklashiladi.

– “Oʻzatom” agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi tomonidan imzolangan oʻzaro anglashuv memorandumiga muvofiq, jamoatchilikka, umuman, atom energetikasi va, xususan, AES qurilishi loyihasining amalga oshirilishi toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Shu munosabat bilan mamlakatimizdagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi boʻyicha jamoatchilik fikrini oʻrganish masalasi qanday amalga oshiriladi?

Darhaqiqat, “Oʻzatom” agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasi boʻyicha ijobiy jamoatchilik fikrini shakllantirish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangan.

Ikki tomonlama hamkorlik Oʻzbekiston aholisini zamonaviy yadroviy-energetik texnologiyalar, shuningdek, atom energetikasi obyektlari joylashadigan hududda bu kabi loyihalarni amalga oshirishdan koʻriladigan samaralar haqida xabardor qilishga va bunda, eng muhimi, AESdan foydalanish qanchalik xavfsiz va iqtisodiy samarali ekanligini tushuntirishga qaratiladi.

Respublika OAV vakillarini ularning atom energetikasi sohasi va yadroviy texnologiyalar xususiyatlaridan xabardorligini oshirish uchun oʻqitish, yadroviy-energetik texnologiyalar va boshqa bir qator yoʻnalishlarda xalqaro konferensiyalarni tashkil qilish va oʻtkazish nazarda tutilgan.

Shuningdek, istiqbolda “Rosatom” davlat korporatsiyasi koʻmagida Atom energetikasi boʻyicha axborot markazini tashkil qilish rejalashtirilgan. Ushbu markazdan keng jamoatchilik hamda yadroviy texnologiyalarga qiziquvchi barcha kishilar foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu esa keng jamoatchilikka yadro energetikasi boʻyicha istiqbolli yoʻnalishlar rivoji haqida barcha zarur maʼlumotlarga ega boʻlish imkonini beradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi oʻrtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga asosan yurtimiz atom energetikasi sohasi uchun kadrlar tayyorlanadi. Bu qanday amalga oshiriladi?

– 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadroviy universitetining Toshkentda ochilayotgan filialida atom energetikasi sohasidagi boʻlajak mutaxassislarni oʻqitish boshlanadi. Shuningdek, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universiteti magistraturasida turdosh mutaxassisliklar ochilgan.

Hozirgi kunda Moskvada “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadroviy universitetida 57 nafar oʻzbekistonlik mutaxassis taʼlim olmoqda. Kelgusi oʻquv yilidan mazkur oliy oʻquv dargohining magistraturasida Oʻzbekiston uchun kvotalar soni ikki baravar oshiriladi.

Ommaviy axborot vositalari vakillarining atom energetikasi va yadro texnologiyalari borasidagi tushunchalarini oshirish boʻyicha qanday ishlar rejalashtirilgan? Sizningcha, aynan shu sohani yoritishda OAV xodimlari ixtisoslashgan boʻlishi kerakmi? Bu borada xalqaro tajriba qanday?

– Atom energetikasi faoliyatida ommaviy axborot vositalarining alohida oʻrni bor. Ularning soha boʻyicha bilim va malakasini oshirish uchun bir necha tadbirlar oʻtkazildi. Jumladan, poytaxtimizda OAV vakillari uchun oʻtgan yil noyabr-dekabr oylarida maqsadli seminarlar uyushtirildi. Novovoronej AES-2ga deputatlar va jurnalistlar uchun press-tur tashkil qilindi. Bu boradagi rejali ishlar yana davom ettiriladi. Umuman, bizning amalga oshirilayotgan ishlarimiz matbuot uchun ochiq. Yana bir muhim masala shuki, yadro energetikasi mavzusini yoritadigan jurnalistlar bu soha asoslari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotga ega boʻlishi kerak. Maʼlumotlarni keng ommaga va auditoriyaga qanchalik mahorat bilan yetkaza olishi ularning egallagan bilim va tajribasiga bogʻliqdir.

– Sof energiya manbai, deya tavsif etiladigan AES ekologik xavfsizlikka qanday taʼsir koʻrsatadi?

AESni ekspluatatsiya qilish jarayonida issiqlik energetikasi obyektlaridan farqli ravishda undan is gazi hosil boʻlmaydi. Bu esa atom energiyasining ekologik tozaligini taʼminlaydi. Mutaxassislar fikriga koʻra, ikkita energoblokli AESning ishga tushirilishi yiliga 14 million tonnagacha is gazi va 36 tonnagacha azot oksidi chiqarilishining oldini oladi.

Atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi hozirgi paytda elektr energiya ishlab chiqarishda foydalanilayotgan tabiiy gaz miqdorini jiddiy ravishda qisqartirish imkonini beradi.

– Oʻzbekistonda elektr energiya ishlab chiqarilishining umumiy hajmida boʻlajak AESning ulushi qanday boʻladi?

Ekspertlarning bahosiga koʻra, Oʻzbekistonda 2030 yilga borib, elektr energiyaga boʻlgan talab iqtisodiy rivojlanish, aholi koʻpayishi va turmush darajasi ortishi tufayli 117 milliard kVt/s ga yetadi.

Shu maʼnoda, AES mamlakatimiz energetik muvozanatini taʼminlashning eng muhim asosiga aylanadi. Agar AES 2019 yilda ishga tushirilsa, u yiliga 18,5 milliard kVt/s elektr energiya ishlab chiqaradi. 2030 yilga kelib, respublikada elektr energiya generatsiyasini qariyb ikki baravar – 117 milliard kVt/s ga oshirish rejalashtirilmoqda. Shunda ham AES ulushi salmoqli boʻlib, 15 foizga yaqinni tashkil etadi.

AESdan foydalanish mamlakatning umumiy energetik balansiga 2,4 GVt quvvatni qoʻshimcha ravishda kiritadi, bu esa Oʻzbekiston energetika xavfsizligi uchun qoʻshimcha kafolatlarni taʼminlaydi.

Bugungi kunda esa Oʻzbekiston tabiiy gazga nihoyatda qaram boʻlib, u mamlakat elektr energiyasini ishlab chiqarishning umumiy hajmida 85 foizni egallaydi. Bunday koʻrsatkich sabab, kelgusi rivojlanish uchun mamlakat koʻp sonli energiya manbalariga muhtoj boʻladi.

– Oʻzbekiston geografik joylashuvi boʻyicha seysmik hudud hisoblanadi. Bunday favqulodda hodisalar AES faoliyatiga taʼsir etishi mumkinmi?

Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan AES loyihasi 9 balli zilzilada rejali ish olib borishga moʻljallangan. Respublikamiz oʻzining seysmik va iqlim sharoitlariga koʻra, Bangladesh va Turkiya kabi mamlakatlarga yaqin, u yerda ham bizning mamlakatimizda qurilishi rejalashtirilayotganga oʻxshash AESlar bunyod etilmoqda.

Bu masalani xalqaro tajriba misolida izohlamoqchiman. Mamlakatimiz delegatsiyasi 2018 yil 29 oktabr – 1 noyabr kunlari Tokio shahridagi AESda boʻldi. “Tokay 2” atom elektr stansiyasi 1978 yilda foydalanishga topshirilgan boʻlib, 2014 yilda yangi talablar joriy qilinishi munosabati bilan toʻxtatib qoʻyilgan. Hozirgi kunda “Tokay 2” atom elektr stansiyasida xavfsizlikni kuchaytirish boʻyicha barcha choralar amalga oshirilgan va 2018 yil sentyabrida stansiyani ishga tushirishga. 2018 yil oktyabrida esa kelgusi 20 yil davomida AESni ekspluatatsiya qilishga ruxsat olingan.

Demak, bu AESga oid barcha avvalgi va zamonaviy texnologiyalar seysmik talablarga toʻliq javob berishini anglatadi.


OʻzA muxbiri Nasiba ZIYODULLAYEVA suhbatlashdi
2 599