O‘zA O`zbek

31.01.2018 16:30 Chop etish versiyasi

Talabalar Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, akademik Baxtiyor Ibragimovdan o‘z savollariga javob oldi

Talabalar Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, akademik Baxtiyor Ibragimovdan o‘z savollariga javob oldi Qarshi davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, akademik Baxtiyor Ibragimov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Baxtiyor Ibragimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi farmoni bilan kimyo fanlari yo‘nalishi bo‘yicha Fanlar akademiyasi akademigi etib tasdiqlangan. Olim 400 ga yaqin ilmiy ish, jumladan, 10 ixtiro muallifi. Uning ilmiy ishlanmasi AQSh, Shveysariya, Hindiston va Xitoy davlatlarida patentlangan. Ko‘plab ilmiy maqolalari nufuzli chet el jurnallarida chop etilgan. Akademik xorijlik hamkasblari bilan yaqin hamkorlik qiladi. Dunyoning yetakchi mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan o‘nlab xalqaro ilmiy anjumanlar ishtirokchisi. Ayni paytda Baxtiyor Ibragimov Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Uchrashuvda akademik “Rentgen kristallografiya yordamida moddalarning tuzilishini aniqlash” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada zamonaviy rentgen kristallografiyasi, monokristall va kukun holidagi moddalar tuzilishini aniqlash usullari, defraktometrlardan foydalanib odam organizmidagi oqsillar va turli kasallik keltiruvchi mikroblarning tuzilishini aniqlash bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi. Bu ma’lumotlar yosh doktorantlar, magistrlar va talabalar uchun alohida ahamiyat kasb etdi.

2.jpg

– Bugun kristallarni o‘rganishning zamonaviy usullari to‘g‘risida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldim, – deydi Qarshi davlat universiteti yosh doktoranti Nurbek Umirov. – Ayniqsa, supramolekulyar moddalar haqidagi ma’lumotlar biz uchun yangilik bo‘ldi. Kristallarni o‘rganishning dunyodagi eng so‘nggi yo‘nalishi bo‘lgan krioelektronli mikroskopiya bo‘yicha tushunchalarimiz ham boyidi.

Uchrashuv davomida kimyo faniga qiziqqan va bevosita mazkur soha bo‘yicha malakaviy bitiruv ishi yozayotgan talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga akademikdan batafsil javob oldi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA
8 795