O‘zA O`zbek

14.06.2019 Chop etish versiyasi

Surxondaryoda 220 nafar o‘quvchi 11-sinfni oltin medal bilan bitirdi

Surxondaryoda 220 nafar o‘quvchi 11-sinfni oltin medal bilan bitirdi

Termiz shahridagi San’at saroyida Surxondaryo viloyatidagi umumta’lim maktablarini oltin va kumush medallar bilan bitirgan bir guruh o‘quvchilar tantanali taqdirlandi.

Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari R.Choriev va boshqalar Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar har taraflama barkamol, chuqur bilimga ega yosh avlodni tarbiyalab, kamolga yetkazishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. Bu jarayonda umumta’lim maktablarida 11 yillik majburiy ta’lim tizimi qayta yo‘lga qo‘yilgani, eng bilimli, iqtidorli o‘quvchilarni oltin va kumush medallar bilan taqdirlash joriy etilgani ham bunga yaqqol dalildir.

Joriy o‘quv yilida viloyatdagi umumta’lim maktablarining 11-sinfini 26 ming 750 yigit-qiz muvaffaqiyatli tugatib, mustaqil hayotga yo‘llanma oldi. Ularning 220 nafari oltin va 181 nafari kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Tadbirda oltin va kumush medallar, viloyat hokimligining sovg‘alari tantanali topshirildi. Mukofotlanganlar safida Uzun tumanidagi 2-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi S.Rahmatullaev ham bor.

– Ta’lim muassasamizda biz, yoshlarning zamonaviy bilimlarni chuqur o‘zlashtirishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi S.Rahmatullaev. – Faqat qunt bilan o‘qish kerak. Maktabda olgan bilimlarimiz davlatimiz tomonidan yuqori baholanganidan faxrlanamiz. Bu bizning Vatanimiz taraqqiyoti uchun kelajakda amalga oshiradigan mehnatlarimizga berilgan mukofot, deb bilaman. Bolalikdan iqtisodchi bo‘lishga qiziqaman. Shu maqsadda o‘qib, izlanib, bu ishonchni albatta oqlayman.

Farzandlarining ta’lim muassasasida erishgan yutuqlari munosib rag‘batlantirilganidan ota-onalarning ham quvonchi cheksiz.

– Qizim Mehrangiz bu yil Termiz shahridagi 13-umumta’lim maktabining 11-sinfini a’lo baholarga tugatdi, – deydi X. Sayidaliev. – Uning olgan bilimlari oltin medalga munosib ko‘rilganini eshitib, behad suyundik. Chunki, ota-ona uchun farzandining baxtu kamolini ko‘rib, yutuqlaridan quvonib yashashning o‘zi katta baxt. O‘g‘il-qizlarimizning sog‘lom, ma’naviy yetuk va chuqur bilimli bo‘lib, voyaga yetishida ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor uchun davlatimiz va ustozlaridan minnatdormiz.

Tadbirda “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, mamlakat bosqichiga yo‘llanma olgan o‘qituvchilar hamda joriy yilning 6-11 iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan respublika fan olimpiadasida faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar ham munosib sharaflanib, ularga viloyat hokimligining qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

Tadbir doirasida San’at saroyi fayesida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus bo‘yicha ko‘rgazmalar tashkil etildi.

Ishtirokchilar viloyatning muqaddas obidalarini ziyorat qilib, Termiz arxeologiya muzeyi va Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi bilan yaqindan tanishdi. 

1 767
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA