Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.08.2017 13:21 Chop etish versiyasi

Samarqand tilshunoslik maktabi

Mamlakatimizning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan bo‘lgan Samarqand davlat universitetida bir necha ilmiy maktablar shakllangan. Ana shulardan biri o‘zbek tilshunosligi maktabidir.

Ajdodlar ilmidan samarali oziqlangan bu maktabning tamal toshi Samarqand davlat universitetining ilk davrida – o‘tgan asrning 20-yillarida Oliy pedagogika instituti nomi bilan tashkil etilgan yillardayoq qo‘yilgan. Ilk faoliyatini ikki yo‘nalishda – tabiiy va ijtimoiy fanlar fakultetlari bilan boshlagan institutning ijtimoiy fanlar fakultetida til va adabiyot bo‘limi bo‘lib, ayni shu yerda ilmiy-tadqiqot ishlari yo‘lga qo‘yilgan edi. Bugun o‘zbek tilshunosligi fanining oyoqqa turishida beqiyos xizmat qilgan Abdurauf Fitrat, G‘ozi Olim Yunusov, Solih Mutallibov singari fidoyi olimlarning nomlarini chuqur ehtirom bilan tilga olamiz.

O‘tgan asrning 30-yillarida yurtimizda malakali filolog kadrlar tayyorlash, tilshunoslik fanini yanada rivojlantirish sohasida yangi davr boshlandi. Bunda O‘zbekiston davlat universitetida o‘zbek tilshunosligi kafedrasining tashkil etilishi va unga 1938 yildan dotsent Ulug‘ Tursunov rahbarlik qilishi ahamiyatli bo‘lgan. Katta iste’dod va tashkilotchilik salohiyatiga ega bo‘lgan olim o‘zbek tilshunoslari orasida birinchilardan bo‘lib 1941 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

O‘zbek tilshunosligi kafedrasi o‘tgan asrning 50-yillarida o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Shu yillarda kafedra qoshidagi aspiranturada yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga kirishildi. U.Tursunovning ilmiy rahbarligida nomzodlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan tilshunos olimlar – G‘anijon Abdurahmonov, Jabbor Muxtorov, Vahob Egamov, Jo‘raboy Hamdamov, Fathiddin Ishoqov, Nazar Rajabov kabilar soha rivojiga katta hissa qo‘shdi. Mana shu tarzda o‘zbek tilshunosligining Samarqand maktabiga asos solingan va u O‘zbekistonda oliy malakali mutaxassislar tayyorlovchi markazlardan biriga aylangan edi.

Kafedraning ilmiy-pedagogik faoliyati XX asrning 60-70-yillarida izchil davom ettirildi va Samarqand tilshunoslik maktabi yanada gullab yashnadi. Shu yillarda kafedrada 15 to‘plam nashr qilindi. Jumladan, U.Tursunov, J.Muxtorov va Sh.Rahmatullayevning “Hozirgi zamon o‘zbek tili” darsligi yaratilib, bugungi kunga qadar to‘rt marta chop etildi.

1969 yilda o‘zbek tilshunosligi kafedrasi negizida umumiy tilshunoslik kafedrasi tashkil qilindi. Kafedra qariyb o‘n yil faoliyat ko‘rsatdi va yana o‘zbek tilshunosligi kafedrasiga birlashtirildi. Bu davrda uni professorlar H.Berdiyorov va X.Doniyorov boshqardi.

Mustaqillik yillarida kafedraning barcha sohadagi faoliyati yanada yaxshilandi, bilim berish sifati va usullari zamon talablari darajasiga ko‘tarildi. Yangi pedagogik texnologiyalarga tayangan holda dars o‘tish, talabalarning bilimini nazorat qilish va mustaqil o‘qib-o‘rganishini tashkil etish takomillashdi, ilmiy-tadqiqot ishlarining ko‘lami va samaradorligi yanada oshdi.

Samarqand davlat universiteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi xizmatlaridan ma’lum darajada bahramand bo‘lib, yurtimizda ilm-fan taraqqiyoti va oliy ta’lim yuksalishiga munosib hissa qo‘shgan va qo‘shib kelayotgan olimlarimizni faxr bilan tilga olamiz. Ularning sa’y-harakati bilan tilimiz tarixi, dialektologiyasi, lahja va shevalarini o‘rganish, toponimika va onomastika masalalari bo‘yicha salmoqli ilmiy ishlar qilindi. Ko‘plab darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratildi. Hozirgi o‘zbek adabiy tili grammatikasi, morfologiyasi va sintaksisi masalalari, nutq madaniyati va stilistika muammolari chuqur va atroflicha o‘rganildi.

Universitet o‘zbek tilshunosligi kafedrasi mamlakat xalq maorifi va oliy ta’lim tizimi uchun rahbar kadrlar yetkazib berishga ham salmoqli hissa qo‘shdi. Filologiya fakultetida, xususan, o‘zbek tilshunosligi kafedrasida ilm olgan tilshunos olimlardan bir qanchasi turli oliy o‘quv yurtlarida, boshqaruv organlarida ishladi.

So‘nggi yarim asr davomida kafedra ilmiy-pedagogik kadrlari safiga yangi ilmiy kuchlar kelib qo‘shildi. T.Rahmatov, Q.Usmonov, Z.Aliqulov, T.Qurbonov, E.Abdiyev, X.Axtamova, N.Begaliyev, T.Jo‘rayev, M.Ro‘ziqulova, M.To‘ychiyev, R.Mirazizova, D.O‘rinboyeva, Z.Pardayev, Sh.Mahmadiyev, O.Yusupova kabilar shular jumlasidandir. Ularning ba’zilari hozir ham kafedrada ilmiy-pedagogik faoliyatini davom ettirmoqda.

Kafedra ilmiy faoliyatining samarali bo‘lishida uning mamlakatimiz va xorijiy davlatlar oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik aloqalari ham muhim rol o‘ynamoqda. Kafedra olimlari nafaqat yurtimiz, balki xorijiy mamlakatlardagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari bilan ilmiy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yib, o‘zbek tilshunosligi an’analarini o‘rganish va targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. J.Eltazarov, S.Boymirzayeva, A.G‘afforov, R.Suvonova Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Germaniya, Turkiya, Malayziya singari mamlakatlarda ishlab, ilmiy-pedagogik amaliyot o‘tab qaytdi.

O‘zbek tilshunosligi kafedrasi a’zolari keyingi yillarda davlat ta’lim standartlari asosida mamlakatimizda birinchi bo‘lib o‘zbek tilshunosligi sohasida 19 predmetdan namunaviy o‘quv dasturlari ishlab chiqdi. 20 ga yaqin o‘quv qo‘llanmalaridan bugun o‘quv jarayonida keng foydalanilmoqda.

To‘qson yillik tarixga ega Samarqand davlat universitetining salohiyatli o‘zbek tilshunosligi kafedrasi jamoasi bugun yosh avlodga zamon talablari darajasida bilim berish, ularni har tomonlama bilimdon, yetuk mutaxassis qilib tarbiyalash, o‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalarini tadqiq etish borasidagi ishlarni izchil davom ettirmoqda.

Jo‘raboy Hamdamov, Suyun Karimov,
Samarqand davlat universiteti professorlari.

O‘zA
1 292






Все о погоде - Pogoda.uz