Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.09.2017 18:50 Chop etish versiyasi

Qori-Niyoziy talabchan va vatanparvar ustoz edi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida «Akademik Toshmuhammad Qori-Niyoziyning hayoti va ijodi» mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari, yosh tadqiqotchilar, xorijlik olimlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.Yo‘ldoshev va boshqalar mamlakatimizda ilm-fan rivojiga alohida e’tibor qaratilib, ilm ahli va yosh tadqiqotchilar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, ularga zarur ijodiy muhit, shart-sharoitlar yaratilganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda zamonaviy ta’lim tizimi, ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shgan, xususan, matematika, tarix, madaniyatshunoslik hamda pedagogikaga oid boy ilmiy va adabiy meros qoldirgan ma’rifatparvar olim xotirasi hamisha barhayot. Bugun uning shogirdlari, yosh olimlar ilm-fan sohasidagi taraqqiyot an’anasini munosib davom ettirmoqda.

Qomusiy olim bilan birga ishlagan, ko‘p suhbatdosh bo‘lganlar o‘sha damlarni yaxshi xotirlaydi.

– Qori-Niyoziy domla juda samimiy, dilkash, o‘z navbatida qattiqqo‘l, vatanparvar ustoz edi, – deydi akademik Aziz Qayumov. – Tinimsiz o‘qish, izlanishda bo‘ldi, mashaqqatli mehnatdan qochmadi. Shu bois, O‘zbekiston ilm-fani rivojiga ko‘p mehnati singdi. Shogirdlariga doimo kamtarlikni, fidoyilikni nasihat qilardi.

T.Qori-Niyoziy ko‘p yillar O‘zbekiston ilm-fan muassasalarining mas’ul lavozimlarida ishladi. Jamoat arbobi sifatida jonbozlik ko‘rsatdi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining birinchi prezidenti bo‘ldi. Akademikning 3 tomlik «Matematik analizning asosiy kursi» kitobi Beruniy nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Mirzo Ulug‘bekning ilmiy merosini o‘rganib, «Ulug‘bekning astronomik maktabi» fundamental monografiyasini yaratdi. Akademik olimning ilm-fan sohasidagi yuksak xizmatlari mustaqillik yillarida munosib baholanib, «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi.

– Toshmuhammad Qori-Niyoziy fan bilan shug‘ullana boshlagan vaqtda matematika fanining o‘zbek tilidagi terminologiyasi yo‘q edi. U kishi juda katta matonat bilan maktab, oliy ta’lim darsliklariga o‘zbek tili terminalogiyasini kiritdi, darsliklar yaratdi, – deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi V.Romanovskiy nomidagi matematika instituti direktori, akademik Shavkat Ayupov. – Yaxshidan bog‘ qoladi, deganlaridek, akademik olim yashagan uy ham bugun ilm-fan o‘chog‘iga aylangan. Bu uy domlaning farzandlari tashabbusi bilan «Akademik Qori-Niyoziy merosi» nomidagi ilmiy-metodik markazga aylantirilgan. Bu yerda yosh olimlarimiz, talaba-yoshlar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida tajriba almashib, bilimlarini mustahkamlab boradi. Shu ma’noda domlaning xizmatlarini barchamiz yuksak qadrlaymiz, u kishi qoldirgan ilmiy merosni yanada sayqal toptirish yo‘lida astoydil xizmat qilamiz.

Anjumanda Toshmuhammad Qori-Niyoziy ilmiy merosi haqida ma’ruzalar qilindi. Akademik olim xotiralari bitilgan, uning hayot yo‘li aks etgan «Orzu bilan yoritilgan yo‘l» kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi, «Davr kabi taqdir» hujjatli filmi namoyish etildi.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
5 695






Все о погоде - Pogoda.uz