O‘zA O`zbek

19.04.2020 Chop etish versiyasi

Olimlar pomidor va baqlajonning yangi navlarini ixtiro qilishdi

Olimlar pomidor va baqlajonning yangi navlarini ixtiro qilishdi
Yaxshi nav va sara urugʻ har doim moʻl hosil omili boʻlgan. Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bu borada tinimsiz izlanishlar olib boradi. 

Mirishkor dehqonlarimiz yetishtirayotgan va xalqimiz sevib isteʼmol qilinayotgan pomidorning 20 dan ortiq, shirin qalampirning 5 dan ortiq nav va duragaylari aynan mana shu institut seleksionerlari koʻp yillik mehnati samarasidir. 

Yana bir ilmiy yangilik, qishloq xoʻjalik fanlari doktori, professor Muzaffar Aramov va qishloq xoʻjalik fanlari doktori Joʻrxon Nadjiyevlar koʻp yillik ilmiy izlanishlari natijasida Oʻzbekistonda birinchilardan boʻlib pomidorning boʻrtma nematodaga chidamli “Durdona” va baqlajonning “Globus” navini ixtiro qildi. 

Maʼlumki, boʻrtma nematoda pomidor va baqlajon ekinlarini ildiz tizimiga joylashib olib, rivojlanishi va zararlashi oqibatida ekin hosildorligi keskin pasayib ketadi, ayrim hollarda oʻsimlik nobud boʻladi. 

Pomidorning yangi navi oʻzining yuqori hosildorligi, transportbopligi, sifatli mevasining bir vaqtda pishishi va kasallikka chidamli ekani bilan ajralib turadi. Mevaning vazni 155 gramm atrofida boʻladi. Oʻsuv davri 128 kun boʻlib oʻrtapishardir. Bu nav boʻrtma nematodasi bilan zararlangan dalalarda ham yuqori hosil bera oladi. 

Baqlajon esa yuqori hosildor, ertapishar, mevasi sifatli va achchiqlik taʼmi yoʻq. Oʻsimlik mevasining vazni 200 gramm. Tikansiz. Oʻsuv davri, yaʼni koʻchatlar unib chiqqandan to pishib yetilgunga qadar 95-99 kunni tashkil etadi va ertapishardir. 

17 922
A.Musayev, OʻzA