Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.08.2017 15:01 Chop etish versiyasi

O‘ziga xos ilmiy maktab yaratgan olim

Dunyo tajribasidan ma’lumki, ilmiy yo‘nalishda tadqiqotlar olib borish o‘zining murakkabligi va bosqichma-bosqich bosib o‘tilishi bilan ajralib turadi. Lekin nomzodlik uchun qilingan ishning doktorlik himoyasiga chiqqanini eshitganmisiz? Bu kabi voqea ilm-fan sohasida kuzatilgan...

Davron Matrasulov akademik, dunyoga tanilgan olim Po‘lat Habibullayevning eng yosh shogirdlaridan. U yosh bo‘lishiga qaramasdan tirishqoq, bilimli va kuchli ilmiy salohiyatga ega ekanligi bilan Po‘lat Habibullayevning nazariga tushdi. Uning yapon, kanadalik olimlar bilan ilmiy hamkorligi, xorijiy jurnallarda chop etilgan maqolalari chindan e’tirofga arzigulik edi.

Bu Po‘lat Habibullayevning yosh kadrlarni har doim qo‘llab-quvvatlab kelganiga bir misol. Ustoz bir necha tilni mukammal bilar, shogirdlaridan ham buni talab qilardi. Hatto o‘zlari o‘quv kurslarini tashkil etib, bizni xorij tillarini o‘rganishga jalb etgan. Po‘lat Habibullayev yuzdan ortiq nomzodlik, yigirma beshdan ziyod doktorlik ishiga ilmiy rahbarlik qilgan. Bugungi kunda ustozning shogirdlari mamlakatimiz va dunyoning nufuzli o‘quv muassasalarida ishlab, yoshlarga mutaxassisligi bo‘yicha o‘zbek, ingliz va rus tillarida saboq berayotir.

Po‘lat Habibullayev tashabbusi bilan ilmiy tadqiqotlarni tashkil etishning “fundamental izlanishlar + amaliy tadqiqotlar + innovatsiya ishlanmalari” ko‘rinishidagi uzluksiz, biri ikkinchisiga zamin yaratuvchi mantiqqa asoslangan mexanizmi ishlab chiqilib, amaliyotga kiritildi. Mazkur mexanizm asosida 1997-1999 va 2000-2002-yillarga mo‘ljallangan fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsiya ishlari bajarilib, ularning natijalari amaliyotga tatbiq etildi. Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarni  ta’lim, fan va ishlab chiqarish oldida turgan dolzarb masalalarni yechishga yo‘naltirishda Po‘lat Habibullayevning ham mashhur olim, ham uzoqni ko‘ra bilgan rahbar sifatida xizmati beqiyosdir.

Olim akustik spektroskopiya, fizik va kvant akustika, nanofizika va yumshoq muhitlar fizikasi, nochiziqli optika va lazer termokimyosi, superion o‘tkazgichlar va kvant-o‘lchamli sistemalar fizikasi, yadro fizikasi va radiatsion materialshunoslik, nochiziqli dinamika va xaos, izotoplar fizikasi va kimyosi hamda lazer fotosintezi kabi yo‘nalishlardagi ilmiy maktablar asoschisidir. Uning bu yo‘nalishlarda amalga oshirgan ilmiy ishlari 500 dan ortiq ilmiy maqola, 26 kitob va monografiyada o‘z ifodasini topgan. Ayniqsa, uning optika, zamonaviy akustika, siqilgan muhitlarning issiqlik fizikasi va lazer materialshunosligi sohalari bo‘yicha yaratgan ilmiy maktabi jahon olimlari tomonidan yuqori baholangan.

Hammualliflikda yozilgan “Materiallar tarkibida vodorodni aniqlash”, “Optik solitonlar”, “Yumshoq moddalar fizikasida fazalar ajralishi”, “Suyuq kristallar reologiyasi” kabi monografiyalari dunyoning yirik ilmiy nashriyotlarida chop etilgani ham Po‘lat Habibullayev amalga oshirgan ilmiy ishlar va uning rahbarligida  fizika fani bo‘yicha o‘zbek olimlari erishgan muvaffaqiyatlarning katta e’tirofidir.

Po‘lat Habibullayev boshchiligida katta bosim ostidagi past temperaturali plazmani tadqiq qilish tufayli qudratli elektr razryad – lazerlar yaratishda muhim natijalar olingan. U yadro energetikasi muammolarini hal qilish bilan bog‘liq bo‘lgan qator fundamental va amaliy tadqiqotlarga boshchilik qilgan.

Po‘lat Habibullayev rahbarligida davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsiya ishlarini boshqarish, muvofiqlashtirish va nazorat qilishning muntazam monitoring tizimi yaratilib, amaliyotga joriy etilgan. Fanlar akademiyasi, tasarrufida ilmiy-tadqiqot yoki oliy ta’lim muassasasi mavjud vazirlik va idoralar qoshida monitoring guruhlarining tashkil qilinishi ham uning tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan.

Mamlakatimiz fani va ilg‘or texnologiyalari sohasida xorijiy davlatlar bilan hamkorlikning uzviy yo‘lga qo‘yilishida Po‘lat Habibullayevning hissasi, ayniqsa, e’tiborga loyiq. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Fan va texnologiyalar markazining turli davlatlar bilan tuzilgan oltmishdan ortiq hukumatlararo va idoralararo kelishuvlari bo‘yicha ilmiy-texnik hamkorlik sohasidagi ishlar fikrimizga dalil bo‘la oladi. Ustoz tashabbusi va bevosita ishtirokida tenglik va o‘zaro manfaatlilik tamoyilida bir qator xorijiy va xalqaro jamg‘armalar bilan hamkorlikda qo‘shma loyihalar amalga oshirildi.

Bugungi kunda Rossiya, Xitoy va Yaponiya davlatlarining ilmiy-tashkilotlari bilan hamkorlikda seysmologik xavfni oldindan aniqlash va qishloq xo‘jaligida ekologik sof agrotexnologiyalarni qo‘llash borasidagi ilmiy va amaliy izlanishlarning yaxshi yo‘lga qo‘yilgani ham ustoz rahbarligida boshlangan o‘zaro ilmiy aloqalarning mantiqiy davomidir.

Saksondan ortiq patent va mualliflik guvohnomasiga ega bo‘lgan Po‘lat Habibullayevni xorijlik olimlar yirik ixtirochi sifatida tan olgan. U Butunjahon intellektual mulk tashkilotining ikki marotaba oltin medalini olishga muvaffaq bo‘lgan. Ustoz O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Rossiya Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi, Islom davlatlari akademiyasi akademigi bo‘lgan edi.

Po‘lat Habibullayevning mamlakat ilm-faniga qo‘shgan hissasi davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangan va u Abu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat mukofoti, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” unvoni va «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.

Maqolamiz avvalidagi fikrga qaytsak, Davron Matrasulovning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi issiqlik fizikasi bo‘limida ishlashi va yigirma sakkiz yoshida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishida Po‘lat Habibullayevning xizmati beqiyosdir. Ustozning noan’anaviy yo‘lda shogirdi nomzodlik ishini doktorlik himoyasiga olib chiqishdagi jonkuyarligi hali-hamon esimizda.

Abdulla Saidov,
Shavkat Otajonov,
Fizika-matematika fanlari doktorlari, professorlar.

O‘zA
5 807






Все о погоде - Pogoda.uz