O‘zA O`zbek

15.01.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston yoshlarining xalqaro olimpiadadagi yorqin gʻalabasi

Oʻzbekiston yoshlarining xalqaro olimpiadadagi yorqin gʻalabasi Qozogʻistonning Olmaota shahrida 9-15 yanvar kunlari XV xalqaro Jautыkov olimpiadasi oʻtkazildi.

Fizika-matematika, informatika fanlari boʻyicha oʻtkazilgan olimpiadada 18 davlatdan 540 nafar oʻquvchi ishtirok etdi. Olimpiadada munosib qatnashgan va ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritgan yoshlarimiz Toshkentga qaytib keldi.

Oʻzbekistonning kelajagi boʻlgan iqtidorli yoshlar Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Ayniqsa, oʻquvchi yoshlarning ustozlari, ota-onalarining quvonchini soʻz bilan taʼriflash mushkul.

– Ushbu xalqaro olimpiadada Oʻzbekistondan 22 nafar oʻquvchi qatnashdi. Yurtimiz yoshlari bitta oltin, uchta kumush, yettita bronza medallarini qoʻlga kiritishdi. Hozir quvonchim koʻksimga sigʻmayapti, desam ishonavering. Ayniqsa, Rossiya, Amerika, Turkiya yoshlari bilan boʻlgan murosasiz aql jangida oʻquvchilarimiz buyuk ajdodlarining munosib izdoshlari ekanligini yana bir bor isbotladi, - dedi Buxoro viloyatidagi Qorakoʻl akademik litseyi direktori Gʻolibjon Jumaqulov.

– Buvim har doim “yoshlikda olingan bilim – toshga oʻyilgan naqsh”, derdilar. Xalqaro olimpiadada oltin medal sohibi boʻlish, men uchun katta baxt. Bu gʻoliblikni qoʻlga kiritishda ustozlarimning mehnatini alohida qadrlayman. Barcha tengdoshlarimga shunday yutuqlarga erishishida muvaffaqiyatlar tilayman, - dedi oʻz hayajonlarini yashirolmayotgan Qorakoʻl akademik litseyi oʻquvchisi, oltin medal sohibi Abbosjon Sayliyev.

Jonkuyar ustoz, fizika-matematika fanlari nomzodi, Toshkentdagi S.H.Sirojiddinov nomli akademik litsey direktori Qahramon Ibodullayev ham suhbatimizga qoʻshildi.

– Dunyo boʻyicha nufuzli XV xalqaro Jautыkov olimpiadasida Oʻzbekiston yoshlari qozongan muvaffaqiyat butun xalqimizni sevintirdi. 18 ta mamlakatdan kelgan 540 nafar oʻquvchi orasida oʻquvchilarimiz bitta oltin, uchta kumush, yettita bronza medalini qoʻlga kiritishi, bu katta iftixor boʻlishi barobarida, yurtimizda iqtidorli yoshlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor va eʼtirofning yaqqol ifodasidir. Oʻzbekiston yoshlari ulugʻ bobokalonlari kabi jahonni koʻp marta hayrat va hayajonga soladi.

Nigohlarida gʻalaba nashidasi porlayotgan yana bir olimpiada gʻolibining soʻzlarini yozib oldik.

– Men S.H.Sirojiddinov nomidagi litseyning 3-bosqich oʻquvchisi Hasanov Otabekman. Olimpiadada fizika fanidan ishtirok etdim va bronza medalini qoʻlga kiritdim. Barcha tengdoshlarimga Vatanimiz bayrogʻini baland koʻtarishida omad va muvaffaqiyatlar tilayman.

Biz ham millatimizning iftixori boʻlgan mana shunday yoshlarimiz safi yanada koʻpayaversin, deymiz.

6.jpg

10.jpg


11 462
Ozoda Bekmurodova, Farhod Abdurasulov (surat), OʻzA