O‘zA O`zbek

16.07.2015 17:43:36 Chop etish versiyasi

O‘quvchilarimiz – jahon fan olimpiadasi sovrindori

Tailandda matematika fani bo‘yicha o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan 56-jahon fan olimpiadasida mamlakatimiz terma jamoasi a’zolari – Buxoro davlat universiteti qoshidagi 3-Qorako‘l akademik litseyi o‘quvchilari Jamshid Yaxshiyev va Abbos Muhamedov bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida yoshlarimiz barcha sohalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Xususan, o‘quvchi va talabalarimiz xalqaro fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishib, O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligi va hech qachon kam bo‘lmasligini isbotlamoqda. Tailandda bo‘lib o‘tgan matematika bo‘yicha fan olimpiadasida dunyoning yuzdan ortiq mamlakatlari vakillari o‘rtasida yoshlarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etgani fikrimiz dalilidir.

Sovrindorlar safidan o‘rin olgan bu yoshlar mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlaridan biriga matematika yo‘nalishi bo‘yicha imtiyozli asosda qabul qilinadi.

– Akademik litseyda fan asoslarini chuqur egallashimiz uchun barcha sharoit yaratilgan, zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalar keng qo‘llanilmoqda, – deydi Jamshid Yaxshiyev. – Joriy yil boshida Qozog‘istonda o‘tkazilgan xalqaro fan olimpiadasida kumush medal bilan taqdirlangan edim. Abbos va men litseydoshlarimiz an’anasini davom ettirganimizdan xursandmiz.

Darvoqe, 2009-yilda maktab-internat negizida tashkil etilgan 3-Qorako‘l akademik litseyi mamlakatimizda ta’lim sohasida yuqori natijalarga erishayotgan o‘quv dargohlaridan. Akademik litsey direktori, O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi To‘xtamurod Jumayevning ta’kidlashicha, ta’lim maskani tarbiyalanuvchilari turli fan yo‘nalishlari bo‘yicha bir necha marta xalqaro olimpiadalarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Ular hisobidagi xalqaro medallar soni 33 taga yetdi.