O‘zA O`zbek

18.02.2019 19:37 Chop etish versiyasi

Namunali faoliyat xalqaro miqyosda eʼtirof etildi

Namunali faoliyat xalqaro miqyosda eʼtirof etildi

Andijon mashinasozlik instituti qoshidagi yapon tilidan test imtihonlarini qabul qiluvchi “NAT-TEST” markazi faoliyati xalqaro miqyosda eng yaxshi, deb eʼtirof etildi.

– Markazimizda Yaponiyaga ishga, oʻqishga boruvchilar yapon tilini bilishi boʻyicha test imtihonlari topshiradi, – deydi markaz rahbari Akmaljon Ermatov. – Test imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtganlarga belgilangan mezonlar asosida turli darajadagi sertifikatlar taqdim etiladi. Zamonaviy jihozlangan markazda yapon tilini oʻzlashtirish boʻyicha test imtihonlarini qabul qilish jarayoni bilan bogʻliq ishlar yuqori saviyada, xalqaro standartlar darajasida olib borilmoqda.

Oʻtgan yil sentyabr oyida ish boshlagan markaz namunali faoliyati bilan qisqa vaqtda nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham eʼtiborga tushdi. Xususan, Yaponiya poytaxti Tokio shahrida joylashgan ushbu markazning bosh ofisi tomonidan 2018 yil yakunlari boʻyicha eʼlon qilingan hisobotda qayd etildi. Unga koʻra, jahonning 15 ta mamlakatida faoliyat yuritayotgan ana shunday 72 ta test markazi oʻrtasida mamlakatimizdagi muassasa “Eng namunali markaz” sifatida eʼtirof etilgan.

Markazda yurtdoshlarimiz bilan birga qoʻshni Qirgʻiziston, Tojikiston va Qozogʻiston fuqarolari ham test imtihonlari topshirishi mumkin. Hozirga qadar markazda 200 dan ziyod kishi test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, tegishli sertifikat sohibiga aylangan.

Faxriddin Ubaydullayev, OʻzA
5 986