O‘zA O`zbek

23.01.2019 Chop etish versiyasi

Maktablarda oʻquvchilarga kasbiy taʼlim berish qay ahvolda? (Qashqadaryo misolida)

Bugungi kunda oʻquvchi-yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta oʻzlashtirishi, isteʼdod va salohiyatini namoyon etishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10-11-sinflari oʻquvchilariga kasbiy taʼlim berishga ixtisoslashgan oʻquv-ishlab chiqarish majmualaridagi oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar talabga javob beradimi? Bugun kasb-hunar oʻrganaman degan yoshga imkoniyat yaratilganmi?

Ushbu savollarga javob topish maqsadida, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Respublikamizning barcha hududlaridagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10-11-sinflari oʻquvchilariga kasbiy taʼlim berishga ixtisoslashgan oʻquv-ishlab chiqarish majmualari faoliyati oʻrganilmoqda.

Qashqadaryo viloyatida olib borilgan oʻrganish natijalaridan ayrim jihatlarni keltirsak. Viloyatning Yakkabogʻ tumanida 2017-2018 oʻquv yilida 10-sinf oʻquvchilari tumandagi 10 ta kasb-hunar kollejlari va 10 ta umumtaʼlim maktablari bazasida tashkil etilgan oʻquv-ishlab chiqarish majmuasida, 40 ta yoʻnalishda oʻzlari tanlagan kasblar boʻyicha oʻquv-ishlab chiqarish majmuasi mashgʻulotlariga jalb etilgan. 10-sinflarning 2 ming 640 nafar oʻquvchilari oʻquv-ishlab chiqarish majmuasida oʻzlari tanlagan kasblari boʻyicha oʻquv yili yakunida kasbiy bilimlarini mustahkamlash uchun oʻquv rejadagi 36 soatlik oʻquv amaliyotini oʻtab, kasb yoʻnalishlari boʻyicha yakuniy davlat attestatsiyasi topshirgan. Darslar vaqtida tashkil etilgan, kasb-hunarga yoʻnaltirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Qogʻozda, hujjatlarda hammasi yaxshi. Ammo real holat aslida sal boshqacharoq.

Davlat inspeksiyasi tomonidan oʻrganishlar natijasiga koʻra, Yakkabogʻ tumanidagi 58-umumtaʼlim maktabida dars jadvali boʻyicha tashkil etilgan oʻquv ishlab chiqarish majmuasiga 80-umumtaʼlim maktabidan mashgʻulotlarga kelishi rejalashtirilgan jami 51 nafar oʻquvchidan 43 nafari kelmagan.

“Tikuvchilik” kasbi boʻyicha davomat 57 foiz, “Qandolatchi” kasbi boʻyicha davomat 25foizni tashkil etsa, “Maishiy xizmat” kasbi boʻyicha kasb oʻrgatuvchining oʻzi (usta R.M) ishga kelmaganligini guvohi boʻlishimiz mumkin. “Qandolatchi” kasbi boʻyicha mashgʻulotlar olib boruvchi usta M.J. xomashyo materiallari yoʻqligi sababli mashgʻulotlarni oʻtkazmayotganligini maʼlum qildi.

“Tikuvchilik” kasbi boʻyicha usta M.N. oʻtkazayotgan mashgʻulotlarda foydalanilayotgan 4 ta eski “Chayka-34” rusumli tikuv mashinkalaridan 1 tasi ishlaydi xolos. 58-umumtaʼlim maktabida tashkil etilgan oʻquv-ishlab chiqarish majmuasidagi “Tikuvchilik”, “Qandolatchi”, “Maishiy xizmat” kasblari boʻyicha birorta xona jihozlanmagan, mashgʻulot oʻtkazuvchi ustalar (M.J., M.N., R.M.)ning “Oʻquv dasturi”, “Taqvim mavzu rejasi” va boshqa talab qilingan oʻquv meʼyoriy hujjatlari talab darajasida shakllantirilmagan.

Yakkabogʻ oziq-ovqat sanoati va xizmat koʻrsatish kasb-hunar kollejida 2 ta kasb boʻyicha (kompyuter operatori va hisobchi) oʻquv-ishlab chiqarish majmualari tashkil etilgan boʻlib, tumandagi 100, 77-maktablar va 14-DIMIning jami 192 nafar 10-11-sinf oʻquvchilari qamrab olingan. Mazkur taʼlim muassasasida tashkil etilgan kasbiy taʼlimda dars jadvali boʻyicha 100-umumiy oʻrta taʼlim muassasasi oʻquvchilari “Kompyuter operatori” kasbi boʻyicha majmuada oʻqitilishi belgilangan boʻlsa-da birorta ham oʻquvchi kelmaganligi, hatto mashgʻulot olib boradigan oʻqituvchi A.N.ning oʻzi ishga kelmaganligi va sinfxona eshigiga qulf osib qoʻyilganligi maʼlum boʻldi.

Yakkabogʻ qishloq xoʻjalik kasb-hunar kollejida 5 ta kasb boʻyicha (“Kompyuter operatori”, “Shina montaj”, “Tikuvchilik”, “Qandolatchilik”, “Hisobchi”) oʻquv-ishlab chiqarish majmualari tashkil etilgan boʻlib, tumandagi 75, 83, 2, 21, 14-maktablarning jami 583 nafar 10-11-sinf oʻquvchilari qamrab olingan. Mazkur taʼlim muassasasi dars jadvalida 21-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilariga majmuada oʻqitilishi belgilangan oʻquvchilar 2 soat oʻqitilib, uyga javob berib yuborilgan, shuningdek mashgʻulot olib boradigan oʻqituvchilar B.O. va R.M.larning taqvim mavzular rejalari tasdiqlanmagan.

Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 22-umumtaʼlim maktabida “Polizchilik” kasbi boʻyicha mashgʻulot olib boriladigan xona kasbga mos jihozlanmagan, mashgʻulotlar “Informatika” oʻquv xonasida olib borilmoqda. Eng achinarlisi mashgʻulot olib boruvchi ustalar “Oʻquv-ishlab chiqarish majmualarini jihozlash uchun talab etiladigan asbob-uskunalar va jihozlar roʻyxati”ni bilmaydi, amaldagi qarordan mutlaqo bexabar. Maktabda tashkil etilgan oʻquv-ishlab chiqarish majmuasi oʻquv rejasiga muvofiq belgilangan muddatlarda ishlab chiqarish amaliyotlarini hududdagi korxona va tashkilotlar oʻtkazish uchun, maktab tuman markazidan 65 kilometr, viloyat markazidan 85 kilometr uzoqlikda joylashganligi uchun hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, tegishli amaliyot shartnomalarini imzolash borasida hanuzgacha birorta ish qilinmagan.

Koʻrinib turibdiki, maktablarda tegishli kasb boʻyicha birorta jihozlangan xona, mashgʻulot oʻtkazuvchi ustalarning talab darajasidagi oʻquv-meʼyoriy hujjatlari mavjud emas. Shunday ekan, masofasi 3,5-4 kilometr boʻlgan bir maktabdan boshqasiga borib kasb-hunar oʻrganmoqchi boʻlgan oʻquvchining kasbiy taʼlimga yoʻnaltirishdan nima naf? Maktablardagi mutasaddilar bunga qanday qaraydi? Albatta, taʼlim muassasalaridagi masʼullar ushbu jarayonlarga masʼuliyat bilan yondashishi, oʻquvchilarni yetarli tajriba asosida kasb-hunar oʻrganishlariga zamin boʻlardi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Matbuot xizmati