O‘zA O`zbek

12.06.2019 16:54 Chop etish versiyasi

Kutubxonalar kitobxon huzuriga boradi

Kutubxonalar kitobxon huzuriga boradi

2019 yil 7 iyunda davlatimiz rahbarining "O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan qonunchilikdagi yangiliklarga oid brifingda qaror mohiyati va ahamiyati haqida so‘z bordi. 

Qarorga muvofiq, 2019–2024 yillarda O‘zbekistonda axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish konsepsiyasi hamda axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. 

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasiga tushadigan mablag‘larning ikki foizi Axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga ajratiladi.

Milliy kutubxona qoshida 186 tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlari tashkil etiladi. 

Shuningdek, maktablar va kollejlar qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha axborot-resurs markazlari tugatiladi. Ularning kitob fondlari va shtat birliklari yangidan tashkil qilinayotgan tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlariga beriladi.

Tadbirda qayd etilganidek, bu maktablardagi kutubxonalar tugatilishini anglatmaydi. Bu kabi kutubxonalar o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Bundan tashqari, davlat tashkilotlarida, shu jumladan, harbiy qismlarda idoraviy kutubxonalar tashkil qilinadi. Mavjudlari takomillashtiriladi. Ularning kitob fondini yangilash va to‘ldirish uchun zarur nashrlar ro‘yxati har yili shakllantirib boriladi. 

Kutubxonalar kitobxonlarning qiziqishini inobatga olingan holda to‘ldirib boriladi. Buning uchun aholi o‘rtasida so‘rovlar tashkil qilinadi.

Kutubxonalar ma’muriyatlari tomonidan aholi ichiga kirish, kitoblarni olib borib ularga taqdim etish tadbirlari amalga oshiriladi. Ya’ni kitoblar kitobxon huzuriga boradi.

Elektron kutubxonalar tarmog‘i rivojlantiriladi. Kelgusida fuqarolar o‘z uylaridan chiqmagan holda kutubxonalar fondidagi adabiyotlar bilan tanishishi mumkin.


Qayd etilganidek, 21 may - Kutubxonachilar kuni, deb belgilandi. Kutubxonachilarni ko‘p yillik halol mehnati va axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlanib, rag‘batlantirib boriladi.

Brifingda qabul qilingan boshqa yangi qonun hujjatlari haqida ham ma’lumot berildi.

N.ABDURAIMOVA, O‘zA
867