O‘zA O`zbek

07.09.2019 Chop etish versiyasi

Kim deputat boʻlgani maʼqul?

Kim deputat boʻlgani maʼqul?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Umrzoqovning Facebookʼdagi sahifasida eʼlon qilingan deputatlikka nomzodini qoʻymoqchi boʻlgan blogerlar haqidagi fikrlari bugun ijtimoiy tarmoqlarda koʻp muhokama qilingan mavzulardan biri boʻldi.

Shu bois Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 10 yil faoliyat yuritgan sobiq deputat, jurnalist va yurist sifatida mazkur masala yuzasidan ayrim fikrlarim bilan oʻrtoqlashishni lozim topdim.

Toʻgʻrisi, mamlakatimizda professional parlament tizimiga oʻtgan (2005-yil) Oliy Majlis quyi palatasining ilk deputatlari safida boʻlganimdan hamisha gʻururlanaman. Oʻshanda Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning aksariyati iqtisodchilar va yuristlar boʻlgan. Bankirlar, shifokorlar, oʻqituvchilar... fermerlar ham koʻpchilik edi. Jurnalistlar esa... bir qoʻlning barmoqlaridan ham kam edi. Hozir ham shunday.

Maʼlumki, Oʻzbekiston parlamenti – Oliy Majlis oliy davlat vakillik, qonun chiqaruvchi organ boʻlib, uning quyi – Qonunchilik palatasiga joriy yilda boʻlib oʻtadigan saylovlarda 150 nafar deputatlarining barchasi hududiy, bir mandatli saylov okruglari boʻyicha koʻp partiyalilik asosida, umumiy, teng va toʻgʻridan toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadilar. Bu huquqqa 25 yoshga toʻlgan hamda kamida 5 yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar egaki, buni eslashdan maqsad, Qonunchilik palatasi keng, koʻp qirrali vakolatlarga ega. Yaʼni qonunchilik, davlat boshqaruvining muhim masalalarini koʻrib chiqishda va hal etishda ishtirok etadi, davlat byudjetini tasdiqlaydi, parlament nazoratini amalga oshiradi hamda qator davlat organlarini shakllantirishda qatnashadi.

Demak, parlamentda, ayniqsa, Qonunchilik palatasida turli soha va kasb vakillarining boʻlishi hayotiy zaruriyatdir. Biroq...

2009-yili deputatlik vakolatimiz tugashiga sanoqli oylar qolganda taniqli fermer-deputatdan “Saylovga nomzodingizni qoʻyasizmi” deb soʻradim. Tumanida katta obroʻ-eʼtiborga ega, kuchli partiyaning faol aʼzosi va koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligiga rahbarlik qilgan bu inson saylovda ishtirok etsa, albatta, yutib chiqishiga ishonardim. Ammo uning kutilmagan javobidan hanuzgacha hayratlanaman: “Har kim qoʻlidan kelgan ishini qilgani maʼqul, dedi u qatʼiy ohangda. Mana, 5 yil birga ishladik. Yoshim oltmishga yetgan boʻlsa-da, koʻp narsani oʻrgandim. Ammo shu davrda parlament ham, fermer xoʻjaligi ham mening misolimda koʻp narsa yoʻqotdi. Deputatlarning 5 yillik faoliyati haqidagi statistik maʼlumot bilan tanishib chiqdim. Mana, siz 4 ta qonun loyihasini muhokamaga olib chiqibsiz, 30 ta takliflaringiz qonunlarni qabul qilishda inobatga olinibdi. Bu zoʻr emas, ammo yomonmas. Ammo menda bu koʻrsatkichlar “nol” turibdi. Albatta, bunda yetarlicha yuridik maʼlumotga ega boʻlmaganim, qonunchilik texnikasidan xabardor emasligim va hokazo sabablar bor. Endi tasavvur qiling: agar fermer xoʻjaligimda boʻlganimda, qancha ishlarni amalga oshirgan, davlatimizga, xalqimizga qancha nafim tekkan boʻlardi?” Bu mard, olijanob insonga hurmatim behad oshdi.

Taʼkidlash joizki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ishi deputatlarining professional, doimiy faoliyatiga asoslanadi. Boshqacha aytganda, Qonunchilik palatasi faoliyatining tashkiliy shakli uning, qoida tariqasida, haftasiga uch marta oʻtkaziladigan majlislaridir. Yaʼni Qonunchilik palatasi deputatligi bu kasb: har kuni ertalab ishga kelasan va qoʻmitada, fraksiyada, ishchi guruhlarda qonun loyihasi ustida ishlaysan, ishlayverasan. Aksariyat hollarda birgina norma ustida haftalab, oylab ishlashingga toʻgʻri keladi. Yana haftalab, oylab Qonunchilik palatasi sessiyalarida moddama-modda muhokamalar chigʻirigʻidan oʻtkaziladi. Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihasi matni bilan 3 oʻqishda muhokamalardan oʻtib, qabul qilingan qonun matnini solishtirib koʻrsangiz fikrimning tasdigʻi, deputatlar faoliyatining samarasi yaqqol namoyon boʻladi.

Toʻgʻri, qabul qilingan qonunlarning barchasini hayotiy, sifatli, pishiq, puxta ishlangan, deb deb boʻlmaydi. Buning sababi esa aynan deputatlarning bilimi, dunyoqarashi, tajribasi bilan bogʻliqki, Qonunchilik palatasida professional deputatlar faoliyat yuritishi lozimligini oʻz-oʻzidan ayonlashadi.

Xoʻsh, endi ayting-chi, sizningcha, Qonunchilik palatasiga kimlar deputat boʻlgani maʼqul? Ayrim xorijiy davlatlar parlamentlariga polulistlar va shoumenlarning oʻtib qolishi qanday oqibatlarga olib kelganidan xabaringiz bordir? Bundan kimga naf: xalqqami, davlatgami?

Bugun yangilanayotgan Oʻzbekiston sharoitida, keng koʻlamda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar jarayonida eng faol qatlam bu –blogerlardir. Shu bois ham Davlat rahbari ularga katta ishonch bildiryapti. Yaqinda koʻhna Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Sharq taronalari” festivali doirasida Prezidentimizning aynan blogerlar bilan uchrashgani va ularni doim qoʻllab-quvvatlanishini taʼkidlagani bejiz emas.

Haqiqatdan ham, bugun blogerlar jamiyat hayotida uchrayotgan neki nuqson va kamchiliklar boʻlsa, beayov fosh etmoqda, tanqid qilmoqda. Shu yoʻl bilan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirmoqda. Jamiyatda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga, davlat organlari va mansabdor shaxslarning hisobdorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu bugungi yangilanayotgan Oʻzbekiston sharoitida juda muhim.

Shu boisdan ham, bugun koʻpchilik blogerlarga hurmat va havas bilan qaramoqda. Ularning har bir chiqishini diqqat bilan kuzatmoqda. Ular orasida parlament vakillari ham koʻpchilik ekanligiga ishonchim komil.

Endi oʻzingiz ayting-chi, jamiyat taraqqiyoti uchun shunchalik ahamiyatli va muhim faoliyatni amalga oshirayotgan blogerlar parlamentda qonun ijodkorligidan koʻra, ayni yoʻnalishdagi faoliyat yuritishi foydaliroq emasmi? Ayniqsa, bugungi shaffoflashayotgan jamiyat, yangilanayotgan Oʻzbekiston uchun.

Olimjon Oʻsarov,

Filologiya fanlari nomzodi

5 587
OʻzA