O‘zA O`zbek

11.03.2019 18:27 Chop etish versiyasi

Intellektual mulkdan noqonuniy foydalanishga chek qoʻyiladi

Intellektual mulkdan noqonuniy foydalanishga chek qoʻyiladi


Ushbu sohada yaratilgan yangi tizim va joriy etilayotgan qonuniy meʼyorlar bunga yoʻl qoʻymaydi

Har bir davlat, xalqning jahonda tutgan oʻrni va nufuzi, avvalo, intellektual salohiyati va uning natijalariga qarab belgilanadi. Mazkur boylikni esa nafaqat yaratish va uni ijtimoiy munosabatlarga tatbiq etish, balki muhofaza qilish ham dolzarb ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 8 fevraldagi “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori shu maqsadda qabul qilindi.

OʻzA muxbiri mazkur qarorning ahamiyati va ijrosi boʻyichaAdliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi direktori oʻrinbosari Bahodir SAʼDULLAYEV bilan suhbatlashdi.

– Intellektual mulk – xalqimiz salohiyati ifodasi boʻlishi bilan birga mamlakat taraqqiyotini belgilovchi asosiy omillardandir, –deydi B.Saʼdullayev. – Bu bebaho mulkni rivojlantirish va muhofaza qilish boʻyicha zamonaviy yondashuvlarga ehtiyoj tugʻildi. Shu maqsadda Prezident qarori qabul qilindi. Qarorning asosiy jihati shundaki, intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvi yanada takomillashtirildi.

Qaror asosida Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimiga oʻtkazildi.

Hozirgi kunda Agentlik intellektual mulk sohasiga oid qonunchilikni mustahkamlash, uning ijrosi boʻyicha faoliyat olib bormoqda.

– Intelektual mulk egalari oʻz tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisi va tovar kelib chiqqan joy nomini roʻyxatdan oʻtkazishi talab qilinadi. Bu borada qanday yangi tartib joriy etildi?

– Avval tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisi va tovar kelib chiqqan joy nomini roʻyxatdan oʻtkazish uchun topshirilgan talabnomalarni onlayn tarzda koʻrish imkoni mavjud emas edi. Endilikda esa intellektual mulk obyektlari haqidagi maʼlumotlar bir ish kuni ichida maxsus veb-saytimizga joylashtiriladi.

Shu maqsadda baza.ima.uz sayti yaratildi va unda “Intellektual mulk” axborot-qidiruv tizimi ishga tushirildi. Bu bazadan nafaqat talabnoma topshirgan shaxslar, balki mazkur bazadan foydalanuvchi boshqa barcha shaxslar oʻzlari xohlagan maʼlumotlarni koʻrishi va olishi mumkin.

Mazkur tizim ishga tushirilganidan buyon, yaʼni 2019 yil 1 martdan bugungi kunga qadar Agentlikka 70 dan ziyod talabnoma kelib tushdi va tegishli maʼlumotlar tizimga kiritildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, bazada roʻyxatdan oʻtgan va roʻyxatdan oʻtkazish uchun topshirilgan va amaldagi ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari va boshqa intellektual mulk obyektlari haqidagi maʼlumotlar ham mavjud.

– Agentlik bazasida talabnoma eʼlon qilingach, ular boʻyicha eʼtiroz tushsa, bu qanday hal qilinadi?

– Nizoli masalalarni sudgacha koʻrib chiqish va hal etish uchun Apellyatsiya kengashi faoliyat yuritmoqda. Apellyatsiya faoliyatida shaffoflikni hamda intellektual mulkning ishonchli himoyasini taʼminlash maqsadida tegishli Nizom qaytadan koʻrib chiqilmoqda. Unda nohalol topshirilgan arizalar haqidagi yozma eʼtirozlarni taqdim etish mumkinligi bilan bogʻliq meʼyorlar oʻrin oladi.

Shu bilan birga bir qator hujjatlarga zamon talablari hamda xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda oʻzgartirishlar kiritish rejalashtirilayotir.

– “Tovar belgisi” tushunchasiga toʻxtalib oʻtsangiz. Tovar belgisiga egalik qilish qanday afzallik beradi?

– Tovar belgisi – bu insonning bevosita individual asar yaratishga qaratilgan ijodiy faoliyatni amalga oshirmasdan, muayyan turdagi ishlab chiqarish uchun moʻljallangan texnika vositalari yordamida olgan natijasidir.

Bu tovarlarni farqlash uchun xizmat qiladigan vosita boʻlib, u belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi. Tovar belgilari yakka tartibda va jamoaviy boʻlishi mumkin.

Tovar belgisini berish bu haqda talabnoma berilgan sanadan eʼtiboran yetti oy ichida, biroq kamida olti oydan keyin Agentlik tomonidan amalga oshiriladi. Tovar belgisiga oid guvohnoma oʻn yil mobaynida amal qiladi.

Tovar belgisi egasi tovar va xizmatlar bozorida tovar belgisidan foydalanishning mutlaq huquqiga ega boʻladi. Unda uchinchi shaxslar tomonidan tovar belgisidan noqonuniy foydalanishga chek qoʻyish imkoniyati mavjud boʻladi. Tovar belgisiga ega tadbirkorlik subyektining biznesiga boshqa shaxslarning oʻzboshimchalik bilan aralashuvining oldi olinadi va h.k.

2019 yil 1 sentyabrdan boshlab tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan talabnomalar faqat elektron shaklda beriladi. Bu davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshiriladi.

– Intellektual mulkning himoyasini taʼminlash boʻyicha tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”ning muhim jihatlari nimada?

– “Yoʻl xaritasi”da intellektual mulk sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, intellektual mulk huquqlarini himoya qilishning institutsional asoslarini takomillashtirish, texnik va oʻquv-metodik bazani takomillashtirish hamda Butunjahon Intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlikni yanada kengaytirish koʻzda tutilgan.

Intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish va ushbu sohadagi umumeʼtirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish Agentlikning oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir.

Hozirgi kunda Oʻzbekiston Jahon savdo tashkiloti (JST)ga aʼzo boʻlish borasida zarur ishlar amalga oshirilmoqda. JSTning Intellektual mulk huquqlarining savdo jihatlari boʻyicha bitimi (TRIPS) talablarini inobatga olgan holda implementatsiya qilish eng muhim qadamlardan boʻladi.

Bundan tashqari, Tovar belgilari boʻyicha qonunlar toʻgʻrisidagi Singapur shartnomasiga, shuningdek, mamlakatda investitsion muhitning yaxshilanishiga koʻmaklashuvchi intellektual mulk sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalarga qoʻshilishi masalasi ham kun tartibida turibdi.

“Yoʻl xaritasi”ga muvofiq, intellektual mulk obyektlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi qoshida ixtisoslashtirilgan Patent sudi tashkil etiladi. Intellektual mulk huquqi sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish va maʼmuriy jazo qoʻllash huquqi adliya organlariga taqdim etilishi ham nazarda tutilgan.

– Intellektual mulk sohasida huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash va oldini olish boʻyicha qanday taʼsirchan choralar koʻriladi?

– Qarorga muvofiq, Agentlik Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan birgalikda intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha taʼsirchan choralarni koʻrish bilan birga, bunday holatlarni aniqlab, ular yuzasidan tegishli choralarni koʻradi.

Mazkur jarayonlar intellektual mulk huquqiy himoyasini yanada kuchaytiradi. Tadbirkorlik faoliyatini halol raqobat asosida rivojlantirish hamda huquq egalarining huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini taʼminlanish borasidagi ishlarni yangi bosqichga koʻtaradi.


OʻzA muxbiri Norgul ABDURAIMOVA suhbatlashdi
1 829