O‘zA O`zbek

21.09.2018 Chop etish versiyasi

Innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar hayotga qanchalik tatbiq qilinmoqda?

Innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar hayotga qanchalik tatbiq qilinmoqda?

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasida Innovatsion rivojlanish vazirligi va Fanlar akademiyasining ilm-fanning iqtisodiyot real sektoriga yoʻnaltirilgani va integratsiyasini taʼminlashning dolzarb vazifalari yuzasidan axborotlari eshitildi.

Axborotlarda qayd etilishicha, innovatsiyaviy gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalarni hayotga tatbiq qilish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, 17 ilmiy-tadqiqot institutining tijoratlashtirish mumkin boʻlgan ishlanmalari namoyishi tashkil etilgan. 400 dan ortiq ilmiy ishlanmalardan 62 tasini ishlab chiqarishga joriy etish mumkinligi, lekin tahlillar tezkor biznes-rejalar ularni sanoatga joriy qilish va tijoratlashtirish uchun kamida 16 million AQSH dollari hamda 13 milliard soʻm investitsiya talab qilinadi.

Ayrim hollarda ishlanmalarni takomillashtirish hamda ishlab chiqishga moslashtirish uchun qoʻshimcha tadqiqotlar ham olib borish kerakligini koʻrsatmoqda. Ayni paytda 43 ta ishlanmani tijoratlashtirish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Tijoratlashtirish ishlarini samarali boshlash uchun Fanlar akademiyasining eng ilgʻor 10 ta ilmiy-tadqiqot instituti 3 ta yetakchi bankka biriktirilgan. Umumiy qiymati 80,3 milliard soʻm boʻlgan jami 16 ishlanma banklar tomonidan tanlab olingan. Bu loyihalarni amalga oshirishda intellektual mulk shaklida ilmiy-tadqiqot institutlari jami 14,5 milliard soʻm, banklar esa jami 58,5 milliard soʻm investitsiya bilan hamkorlik oʻrnatgan.

Loyihalarni tijoratlashtirishdan olinadigan yillik daromad jami 123 milliard soʻm boʻlib, ilmiy-tadqiqot institutlariga yiliga 25 milliard soʻm sof daromad tushirib berilishi rejalashtirilgan. Qator istiqbolli ishlanmalarning bozori banklar bilan oʻrganib chiqilishi yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, 14 ilmiy tadqiqot muassasalari bazasida yaratilgan boʻlajak sarmoyadorlar uchun ilmiy ishlanmalardan 33 eng istiqbollilari aniqlangan.


20 222
N.Nasriyev, OʻzA