O‘zA O`zbek

21.06.2019 21:12 Chop etish versiyasi

Ilmiy izlanishlar sifatini taʼminlash yoʻlida

Ilmiy izlanishlar sifatini taʼminlash yoʻlida


Ilmiy ishlar xalqqa, jamiyatga xizmat qilishi kerak. Ularning amaliy qiymati yuqoriligi esa bugun har qachongidan ham dolzarb. Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan oʻtkazilgan “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish” mavzuidagi matbuot anjumanida shu haqda soʻz bordi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi Ahmadbek Yusupov va boshqalar yurtimizda oliy taʼlim va ilm-fan tizimini, jumladan, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimini tubdan isloh etish boʻyicha keng miqyosdagi dasturiy tadbirlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

Prezidentimizning sohaga taalluqli farmonlari asosida attestatsiya jarayoniga ilgʻor AKTlarni joriy etish va rivojlantirishda jahon tajribasiga tayanib, daxldor jarayonlarni optimallashtirish, davlat organlari faoliyatining samaradorligi, tezkorligi va shaffofligini taʼminlash, bunda shaxs bilan shaxsning uchrashuvini keskin kamaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Oliy attestatsiya komissiyasi rasmiy veb-sayti (http://oak.uz ) orqali oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasiga oid maʼlumotlarni ilmiy jamoatchilikka yetkazishga katta ahamiyat qaratilmoqda. 2019-yilning mart-may oylarida rasmiy veb-saytning zamonaviy yangi versiyasi ishlab chiqildi.

“Mavzu-R” axborot tizimi dissertatsiyalar mavzularini roʻyxatdan oʻtkazish va eʼlon qilish uchun moʻljallangan boʻlib, uning asosida 2015-yildan boshlab 11 mingdan ortiq izlanuvchining hujjatlari elektron hujjat aylanish tizimi orqali qabul qilingan. “Mavzu-R”dan 218 ta ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari hamda malaka oshirish va qayta tayyorlash markazlari foydalanmoqda.

“M-imtihon” axborot tizimi malakaviy imtihonlar oʻtkazilishini roʻyxatga olish va imtihon natijalarining monitoringini yuritishga moʻljallangan boʻlib, undan malakaviy imtihon olish huquqiga ega 90 dan ortiq muassasa foydalanmoqda.

“Ilmiy salohiyat” axborot tizimi esa mamlakatimiz oliy taʼlim maskanlari ilmiy salohiyati boʻyicha maʼlumotlar tahliliga moʻljallangan boʻlib, mazkur tizim oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining asosiy shtatidagi xodimlari ilmiy faoliyati boʻyicha maʼlumotlar bazasini qamragan.

“Olim” axborot tizimi ilmiy darajalar va ilmiy unvonlari tasdiqlangan mutaxassislar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirishga qaratilgan boʻlib, u 1992-yildan hozirgi kunga qadar ilmiy daraja va ilmiy unvonlari tasdiqlangan mutaxassislar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzida jamlagan.

Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi sifati, samaradorligi va shaffofligini yanada oshirish, korrupsiya va koʻchirmachilik (plagiat) holatlarining oldini olish hamda attestatsiya jarayonida ilmiy jamoatchilik ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida joriy yilda yana bir qator axborot tizimlari ishlab chiqiladi.

Ushbu axborot tizimlari NeuroNet va Web 4.0 texnologiyalar asosida ishlab chiqiladi. Unda MVC texnologiyalar, obyektga va aspektga yoʻnaltirilgan dasturlash texnologiyasi, obyektga yoʻnaltirilgan loyihalashtirish tamoyillari va maʼlumotlarga intellektual ishlov berish usullaridan foydalaniladi.

Sohaga oid jarayonlarga AKTni qoʻllovchi dasturiy taʼminotlarning yoʻlga qoʻyilishi raqamli iqtisodiyotni joriy etish, ilmiy-maʼrifiy yoʻnalishdagi axborot makonida tizimlarning tarqoqligiga barham berish va ularni optimallashtirish, faoliyat shaffofligi, tezkorligi negizida ishning sifati va samaradorligini oshirishda muhim texnologik asos boʻlib xizmat qiladi. Bularning barchasi attestatsiyaga inson omilining aralashishini keskin kamaytirish hamda tezkorlik, ilmiy jamoatchilik faolligi, obyektiv taʼsirni taʼminlash orqali ilm-fan rivojini yuksaltirish, attestatsiya sifati va samaradorligini oshirish, bunda ishtirok etayotganlarning masʼuliyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.


N.USMONOVA, OʻzA
6 138