Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.09.2017 21:47 Chop etish versiyasi

Ilm-fan rivoji – taraqqiyotning muhim omili

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi institutida 7-sentabr kuni “Tabiiy birikmalar kimyosi, biologiyasi va texnologiyasi” mavzuida XII xalqaro simpozium boshlandi.

Akademik Sobir Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi institutining 60-yillik yubileyiga bag‘ishlab tashkil etilgan ushbu anjumanda manfaatdor vazirlik va idoralar, ta’lim muassasalari vakillari, O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Pokiston kabi 10 dan ortiq mamlakatdan ilmiy va ilmiy-ishlab chiqarish markazlarining yetakchi olim va mutaxassislari ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘simlik moddalari kimyosi instituti jamoasiga yo‘llagan tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov o‘qib eshittirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti I.Abdurahmonov, O‘simlik moddalari kimyosi instituti direktori Sh.Sa’dullaev, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi M.Yunusov, Qozog‘iston Respublikasi Milliy Fanlar akademiyasi akademigi S.Adekenov va boshqalar mazkur an’anaviy forum ilm-fan sohasini barqaror rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni yaratish va iqtisodiyotning real sektoriga joriy etishda alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Mamlakatimizda ilm-fanning boshqa yo‘nalishlari qatori o‘simlik moddalari kimyosi, biologiyasi va texnologiyasi sohasida ham o‘ziga xos ilmiy maktab shakllangan. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi instituti Markaziy Osiyodagi tabiiy birikmalar kimyosini o‘rganish, ulardan dori vositalari va qishloq xo‘jaligi o‘simliklari uchun kimyoviy preparatlar yaratish, sohada fundamental va amaliy izlanishlar olib borishga ixtisoslashgan eng yirik ilmiy-tadqiqot markazi hisoblanadi.

Institut jamoasining ko‘p yillik izlanishlari tufayli mamlakatimiz o‘simlik dunyosida tibbiyotda qo‘llash mumkin bo‘lgan, alkaloidlar, terpenoidlar va fenol birikmalarini saqlovchi 600 ga yaqin, efir moylari saqlovchi 250 yaqin o‘simlik turi aniqlangan. Tadqiqotlar natijasida 3 mingga yaqin birikma ajratib olingan, 10 mingdan ortiq yangi birikma sintez qilingan. 2 mingdan ortiq birikmaning farmakologiyasi va toksikologiyasi o‘rganilgan, 60 dori vositasi sinovdan o‘tkazilib, ulardan 35 tasi tibbiyotga tatbiq etilgan.

Mustaqillik yillarda 500 dan ortiq o‘simlik turi o‘rganilib, ulardan 1 ming 200 dan ziyod modda ajratib olingan. 246 yangi alkaloid, 12 proantotsianidin, 70 dan ortiq flavonoid, 20 ga yaqin kumarin, 27 diterpen va triterpen glikozidlar, 15 fitoekdisteroidlar, 4 iridoidlar tuzilishi isbotlangan. 5 mingdan ortiq geterosiklik birikmalar sintez qilinib, ularning faolligi o‘rganilgan. Geterosiklik birikmalarning modifikatsiyasi imkoniyatlarini kengaytiruvchi assimetrik markazlar yaratish uslublari ishlab chiqildi.

Buning natijasida 110 dan ortiq ishlanmaga patent olingan va ularning 41 tasi amaliyotda qo‘llanilmoqda. Hozirgi kunda institut qoshidagi tajriba ishlab chiqarish korxonasida 20 dan ortiq dori vositasi substansiyalari ishlab chiqarilmoqda, yiliga 100 tonna o‘simlik xomashyosi qayta ishlanmoqda.

Ilmiy izlanishlar samarasida fenasal, galantamin gidrobromid, medamin, albendazol, sitizin, kukumazim preparatlari va IFA test-sistemalarining ayrim turlari bo‘yicha import o‘rni to‘liq qoplandi. Institut olimlari tomonidan yaratilgan allapinin dori vositasi Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinmoqda. Ushbu dorini ishlab chiqqan mualliflar guruhi 2007-yilda O‘zbekiston Respublikasining fan va texnika sohasida birinchi darajali davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

2016-yilda o‘tkazilgan IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida Xalqaro intellektual mulk tashkilotining «Eng yaxshi ixtiro hamda uning kommersializiyasi uchun» oltin medali “Antiaritmik faollikka ega vositani olish usuli” patenti uchun O‘simlik moddalari kimyosi institutiga topshirildi.

– O‘zbekistonning o‘simlik dunyosi davolash xususiyatiga ega o‘simlik turlariga juda boy, – deydi Xitoy Fanlar akademiyasi Sinszyan fizika va kimyo texnika instituti direktori o‘rinbosari, professor Hojiakbar Aysa. – Mamlakatingizda ushbu imkoniyatdan samarali foydalanish, aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. O‘simlik moddalari kimyosi instituti biologik faol tabiiy va sintetik birikmalarni o‘rganish va ulardan dori vositalari va kimyoviy preparatlar ishlab chiqishda dunyoda yetakchi o‘rinda turadi. Mazkur xalqaro simpozium olimlar uchun o‘zaro tajriba almashish, yangi tadqiqotlarni namoyish qilish va ilm-fan oldiga qo‘yilgan dolzarb yo‘nalishlarni muhokama etishda qulay imkoniyat bo‘ldi.

– 1993-yilda Turkiyaning Anadolu universiteti qoshidagi Shifobaxsh va xushbo‘y o‘simliklar hamda dorilar markazi bilan O‘zRFA O‘simlik moddalari kimyosi instituti o‘rtasida ilmiy hamkorlik, mutaxassislar almashish va tabiiy birikmalar kimyosi bo‘yicha simpoziumlar tashkil etish maqsadida memorandum imzolangan, – deydi Yaqin Sharq universitetining farmatsevtika fakulteti departament direktori, professor Husnu Jan Basher (Turkiya). – Ushbu kelishuvga muvofiq xalqaro simpozium 1994-yildan buyon har ikki yilda bir marotaba O‘zbekiston va Turkiyada, 2011-yildan boshlab Xitoyda ham o‘tkazib kelinmoqda. Mamlakatingizda nufuzli anjumanga yuksak saviyada tayyorgarlik ko‘rilgan. Joriy yilda anjuman uchun dunyoning ko‘plab davlatlari olimlarining 50 dan ortiq ma’ruzasi tanlab olingan. Bu fundamental ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun shart-sharoit yaratish, innovatsion fikrlash qobiliyatiga ega yangi avlod kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Joriy yilgi simpozium tabiiy birikmalar va ularning hosilalari kimyosi, biologiyasi va texnologiyasi, tabiiy asosga ega dori vositalarini yaratish kabi yo‘nalishlarda o‘tkazilmoqda. Anjumanda tabiiy birikmalarni o‘rganish borasida erishilgan yutuqlar va soha istiqbollari, ekohududda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish, Markaziy Osiyo dorivor o‘simliklaridan diterpenoid birikmalarning izolatsiyasi va biologik faolligi, Kipr xushbo‘y o‘simliklari va efir moylari, o‘simlik mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, an’anaviy Xitoy dori-darmonlaridan tayyorlangan bioaktiv tabiiy birikmalar, nagilakton Bning aterosklerozga ta’siri kabi mavzular muhokama qilindi.

Simpozium doirasida «Quyi molekulyar bioregulyatorlar», «Dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar» va «Tabiiy birikmalar kimyosi» mavzuidagi sho‘ba majlislarida olimlarning ma’ruzalari tinglanadi hamda stendlar namoyish etiladi. Xalqaro simpozium yakunida yosh mutaxassislarni tayyorlash usullari va ilmiy-amaliy yechimlarining rivojlanish yo‘llari belgilanadi.

Anjumanning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.Yunusxo‘jayev ishtirok etdi.

Matnazar Elmurodov, O‘zA
5 672






Все о погоде - Pogoda.uz