O‘zA O`zbek

25.07.2019 10:24 Chop etish versiyasi

Ibrohim Abdurahmonov: “Ilm-fan taraqqiyoti olimlarga va iqtidorli yoshlarga eʼtibordan boshlanadi”

Ibrohim Abdurahmonov: “Ilm-fan taraqqiyoti olimlarga va iqtidorli yoshlarga eʼtibordan boshlanadi”

Bugungi kunda ilm-fanga katta eʼtibor qaratilyapti. Necha yillardan beri Fanlar akademiyasining barbod boʻlayozgan ilmiy-tadqiqot muassasalari tiklanmoqda.

Nurab tushgan binolarda joylashgan oʻtgan asrdan qolgan uskunalar bilan jihozlangan laboratoriyalar yangilanmoqda. Tematik grantlar va startap loyihalar doirasida oʻtkazilgan tanlovlar natijasiga koʻra yuzga yaqin ilmiy-texnik va startap loyihalar amalga oshirilmoqda. Tadqiqotchilarning, ayniqsa ilm-fanga endi kirib kelayotgan yoshlarning xorijda malaka oshirishlari, stajirovkadan oʻtashlari oddiy holga aylanmoqda.

Bularning barini hukumatimiz ochiq-oydin, elu yurtga namoyish etib amalga oshiryapti. Stajirovkaga, grantlarga tanlovlar muntazam ravishda eʼlon qilib turilibdi. Ammo yaqin oʻtmishimizda, olimlarga, ayniqsa yosh tadqiqotchilarga eʼtibor qaratish ham, ularni qoʻllab-quvvatlash ham anchayin mushkul masala edi.

Bugun matbuotda muhtaram Prezidentimizni fenomenlarini oʻqib, beixtiyor hayotimda ulardan oʻrnak sifatida oʻzimga singdirgan quyidagi haqiqatlarni esladim.

2008-yil kech kuzi edi. AQSHdan oʻqishni bitirib qaytgan kezlarim Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti qoshidagi “Genlar injeneriyasi va biotexnologiyasi” laboratoriyasida ishlardim. Shunda oʻsha paytdagi mamlakat Bosh vaziri Shavkat Miromonovich olimlar bilan uchrashuvga keldilar. Bir qancha akademiklar, olimlar ishtirokidagi yigʻilishda mening ustozim akademik Abdusattor Abdukarimov yangi ishlanmamiz – gen-nokaut texnologiyasi haqida ularga maʼlumot berdilar, Prezidentimizning yuzlarida mamnuniyat izhor boʻldi, yangi texnologiyaga qiziqib bir qancha savollar berdilar.

Ammo katta akademiklarimiz “Bu tadqiqotdan biror ish chiqmaydi. Avval oʻzimiz oʻrganaylik, xulosamizni beraylik, keyin sizga alohida taqdim etamiz” deb qarshi fikr bildirishdi. Shunda Shavkat Miromonovich tomonidan meni hayratlantirgan, vatanga mehrimni va kelajakka boʻlgan ishonch uchqunini qaytadan uygʻotgan javob yangradi: “Biz oʻzbekmiz, domla! Endi shu ish chiqadimi, yoʻqmi, baribir, uni amalga oshiramiz va oxiriga yetkazamiz!”. Etim jimirlab ketdi. Ulardagi vatanparvarlik va bu kabi gʻururdan hamda qatʼiyatdan lol boʻlib qoldim, qadriyatlarim qayta shakllandi!

Shavkat Miromonovich majlis tugagach, AQSHda qilgan ishlarimni surishtirdilar, laboratoriyaga xalqaro grantlar jalb qilganimni eshitib, quvondilar va ketayotib “Endi oʻzingga mahkam boʻlib, ishingni oxirigacha yetkaz” deb meni qoʻllab-quvvatlashlarini yana bir bora taʼkidladilar, muammolarni surishtirdilar.

Oʻshanda laboratoriyamiz asbob-uskunalari 1992-yilda sotib olinganini, yaxshi natijalarga erishishimiz uchun zamonaviy uskunalar kerakligini aytdim. Tez orada AQSHdan eng soʻnggi rusumdagi laboratoriya uskunalari olib kelib oʻrnatildi. Endi Shavkat Miromonovich aytganlaridek, gen-nokaut usulini yurtimizda yetishtiriladigan mahalliy paxta navlariga qoʻllay boshladik, gen-nokaut texnologiyasi qoʻllanilgan birinchi mahalliy nav — “Porloq” paxta navi yaratildi. Yurtimizda fanning yangi genomika va bioinformatika yoʻnalishi ochildi.

2011-yilga kelib yangi yaratilgan navni institutga tegishli 1.5-maydonga ekdik. Kuz kelib, paxta hosil bergach, Shavkat Miromonovich dalaga kirib, loʻppi-loʻppi boʻlib ochilgan paxtalarni qoʻllariga oldilar. “Mana bu ilm-fan mevasi, – dedilar Prezidentimiz. – Fermerlarni hosilni kam beryapsan, deb urishamiz, vaholanki, iqlimimizga mos, kasalliklarga chidamli, serhosil nav boʻlmasa ularning ham qoʻlidan nima keladi? Nafaqat qishloq xoʻjaligini, balki iqtisodiyotimizning barcha sohalarini ilm-fanga asoslangan boʻlishi kerak.”

Shundan soʻng Shavkat Miromonovich tashabbuslari bilan mazkur tadqiqotlarni amalga oshirayotgan olimlar jamoasi uchun Genomika va bioinformatika markazini tashkil etilishiga bosh-qoshiq boʻldilar, Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari birin ketin tugatilayotgan qiyin paytlar edi. Yangi tashkil qilinayotgan markaz koʻzga tashlanmasligi uchun u Fanlar akademiyasi, “OʻzPaxtasanoat” uyushmasi va Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tasarrufida idoralararo markaz sifatida tashkil qilindi. 2013-yili 600 gektar maydonga “Porloq” navi ekildi.

Bundan tashqari ilmiy xodimlar soni oʻshandagi 10 nafardan 60 kishiga yetkazish uchun topshiriq va mablagʻ berdilar. 10 kishi oʻsha yillarning oʻzidayoq AQSHda oʻqib keldi. Hozirda xorijda taʼlim olgan xodimlarimiz 25 nafarga yetgan. Biz yaratgan navlar dunyoning oʻnlab mamlakatlarida patentlangan va hozirda 50 ming gektar maydonda ekib kelinmoqda.

2012-yil kuzida yana bir bor yangi barpo etilgan paxta tajriba maydoniga tashrif buyurgan Shavkat Miromonovich bozorlarni toʻlaligi faqat qora mehnat evaziga erishilayotganligini, bundan buyon ilm-fanni rivojlantirmasak bu toʻkinlikni saqlab tura olmasligimizni aytib, bizga qator topshiriqlar berdilar.

Oʻsha davrda bunday gaplarni deyarli hech kim gapirmas edi, mamlakat Bosh vaziridan bunday qatʼiy fikrni eshitish bizni ilm bilan yanada chuqurroq shugʻullanishga undagandi. Yana esimda, oʻshanda markazda oʻzlarining topshiriqlari bilan AQSHda tajriba almashib qaytgan 15 nafar yoshlarimizning har biri bilan uzoq suhbat qurdilar. Suhbat yakunida “Balki atrofda tengdoshlaringiz qandaydir “yengil-yelpi oldi-sotdi” bilan shugʻullanib hashamatli hayoti bilan maqtanib yurgandir, lekin bilinglar — sizlardagi bu maʼnaviy boylikning bahosi yoʻq! Koʻzingizning yonib turgani va Vatan ravnaqi uchun xizmat qilishga bel bogʻlaganingizni xalqimiz va men juda qadrlaymiz” dedilar. Buni isboti sifatida barchamizga ilm qilish uchun eng zamonaviy sharoit yaratib berdilar, olimlarimizga uy-joy ajratishga topshiriqlar berdilar va eng muhimi kelajakda bundan ham yaxshi boʻlishiga bizni ishontirdilar. Esimda, mamlakatdagi har bir ilmiy-tadqiqot instituti kamida bizning markazimiz kabi boʻlishi kerakligini oʻsha davrdayoq rahbarlarga uqtirgan edilar. Bu bizni tamomila boshqa hissiyotlarga boshladi va ruhiyatimizda yana yangi qadriyatni shakllantirdi.

Bu voqealarni va Prezidentimizni fenomenal qatʼiyatliklarini bugun eslarkanman, avvalo Prezidentimizning azaldan olimlarga boshqacha mehr bilan qarashlari, ularni oʻzgacha hurmat qilishlarini oʻyladim. Axir olimlar ayrim sabablarga koʻra eʼtibordan chetda qolgan oʻsha kezlari Prezidentimiz ishdan keyin, kechqurunlari laboratoriyalarimizga kelib, ishlarimiz bilan qiziqar, bizdan hol-ahvol soʻrar, koʻnglimizni koʻtarardilar. Ikkinchidan, u kishining yoshlarga boʻlgan ishonchi yuqori boʻlgan va iqtidorlarni doimo oʻz koʻz ostlariga olib, ularni himoya qilib yurganliklarini guvohi boʻldim.

Ilm-fan ahliga eʼtibor qilishda, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashda ular bizga oʻrnakdir.

OʻzA
6 008