O‘zA O`zbek

13.12.2017 19:41 Chop etish versiyasi

Global aksiyada O‘zbekistonlik bolalar ilk bor ishtirok etdi

Toshkentdagi Inha universitetida tashkil etilgan «Kodlash soati» global aksiyasida 5 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan 200 dan ortiq bola ishtirok etdi. Ular bir soat davomida «Hero`s Journey» dasturining bir necha bosqichidan o‘tdi va kurs yakunlari bo‘yicha sertifikat, shuningdek, «Minecraft» mashhur komputer o‘yini qahramonlari tasviri tushirilgan maxsus stikerlar bilan taqdirlandi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Toshkentdagi Inha universiteti, «Microsoft» korporatsiyasi hamda BMTning Taraqqiyot dasturi tomonidan tashkil etildi.

"Kodlash soati" global aksiyasi bir vaqtning o‘zida dunyoning 180 dan ziyod mamlakatida o‘tkazildi va unda o‘zbekistonlik bolalar ilk bor ishtirok etdi. Tadbir maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalar va o‘quvchilarga dasturlash sirlarini qiziqarli o‘yin tarzida o‘rganish, axborot texnologiyalarining jozibali olamidan bahramand bo‘lish imkonini berdi.

Toshkentdagi Inha universiteti rektori S.Boboxo‘jayev bunday aksiyalar bolalarning ijodiy salohiyati va iste’dodini namoyon qilish, ularni dasturlashning zavqli olamiga olib kirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Bu, o‘z navbatida, bolalarning turli dasturlash tillarini o‘rganishiga zamin yaratib, ular kelgusida O‘zbekiston AT-sohasi taraqqiyotiga hissa qo‘shishi mumkin. Muhimi, ta’lim dars shaklida emas, balki qiziqarli komputer o‘yinlari tarzida olib boriladi. Bu esa mazkur yosh guruhida kutilgan samarani beradi.

– «Minecraft» men yaxshi ko‘rgan o‘yinlardan biri, ammo ilgari unda dasturlash yoki o‘zimning qo‘shimchalarimni yaratish mumkinligini bilmasdim, – deydi aksiya ishtirokchisi Sh.Abdullayeva. – Men kelajakda mohir dasturchi bo‘lish, sevimli o‘yinlarimga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritishni, dasturlarni moslashtirish va mahalliylashtirishni orzu qilaman.

Roman Bondarchuk, O‘zA
13 569