O‘zA O`zbek

24.04.2018 18:04 Chop etish versiyasi

Fan oyligi bilimni oshirishga ko‘maklashadi

Fan oyligi bilimni oshirishga ko‘maklashadi Kashtachilik san’ati qadim tarixga ega. Azal-azaldan qo‘li gul momolarimiz bu hunarmandlik turi bilan shug‘ullanib kelgan.

Diyora Ilyosova ham yosh bo‘lsa-da, shu amaliy san’at turiga qiziqadi. U tikkan kashtalar naqshlari, gulli tasvirlari, atirgul, gulsafsar, chinnigul, lola, gultojixo‘roz, olma guli yoki anor, olcha, gilos, bodom, garmdori aksi tushirilganligi, chuqur ma’noga egaligi bilan ajralib turadi.

12.JPG

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 49-umumta’lim maktabining Diyora singari yuqori sinf o‘quvchilari uchun bu kabi hunarmandlik turlari yangilik emas. Ular dars jarayonida mehnat (texnologiya) ta’limi doirasida azaliy hunarmandlikning bir qancha turlarini muntazam o‘rganib kelmoqda. O‘g‘il bolalar va qizlar uchun alohida tashkil etiladigan mashg‘ulotlar ularda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Ayni vaqtda o‘quvchilar egallagan bilimlarini “Aprel – estetika fani oyligi”da namoyish qilmoqda. Ushbu oylik doirasida maktabda pedagoglar uchun mahorat saboqlari, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun rasmlar tanlovi, musiqa fanidan ochiq darslar, ko‘rgazmalar, devoriy gazetalar tanlovi kabi tadbirlar o‘tkazildi. Maktabdagi yetti yuzdan ziyod o‘quvchi ushbu tadbirlarda faol ishtirok etdi.

Bu kabi fan oyliklarining muntazam o‘tkazilishi, turli fanlar, musiqa, tasviriy san’at, mohir qo‘llar kabi to‘garaklarning yo‘lga qo‘yilgani ta’lim muassasalaridagi ta’lim-tarbiya jarayonining zamonaviy talablar darajasida bo‘lishi, fan o‘qituvchilarining pedagogik mahoratini oshirish, ularning ijodiy izlanishlari va mehnatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

19.JPG

– Oylik doirasida o‘tkazilgan tizimli tadbirlar biz, o‘qituvchilarni o‘z ustimizda yanada ishlashga undadi, – deydi estetika fanlari metod birlashmasi raisi, mehnat ta’limi fani o‘qituvchisi Muqaddas Eshonxo‘jayeva. – Darslar interaktiv usulda o‘tkazilganligi pedagoglarning tajriba almashishi, ijodiy faolligini oshirishda qo‘l keldi. Loyiha doirasida turli yo‘nalishlar bo‘yicha pedagoglar va o‘quvchilar rag‘batlantirildi.

– Barcha fanlarni birdek yaxshi ko‘raman va fan oyliklarida faol ishtirok etishga harakat qilaman, – deydi maktabning 9-sinf o‘quvchisi Olima Ergasheva. – Fanlarni chuqur o‘zlashtirish qatorida o‘zim qiziqqan hunarmandlik turlari – munchoqli bezaklar, kashtachilik, to‘quvchilikni ham o‘rganayotganimdan xursandman.

Oylik yakunida o‘quvchilar uchun ko‘rik-tanlov tashkil etildi. O‘g‘il-qizlarbeshta shart bo‘yicha egallagan bilimlarini namoyish etdi.

Barno Meliqulova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
10 562