Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 17:19 Chop etish versiyasi

"Davr kabi taqdir"

Akademik Toshmuhammad Qori Niyoziy mamlakatimiz ilm-fani va ta’lim tizimi ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan ardoqli olim. Uning nafaqat matematika, balki tarix, madaniyatshunoslik va pedagogikaga oid qoldirgan boy merosi xalqimiz va navqiron avlod kelajagi uchun katta ilmiy manbadir.

Toshmuhammad Qori Niyoziy elementar va oliy matematika bo‘yicha o‘zbek tilidagi birinchi darsliklar muallifi bo‘lgan. Ayniqsa, uning o‘zbek matematika terminologiyasini yaratgani katta e’tirofga loyiq. Olimning "Analitik geometriya", "Analitik geometriya asosiy kursi", "Ulug‘bekning astronomik maktabi", "Hayot maktabi" kabi asarlari bugungi kun ilm-fani, ta’lim va madaniyat taraqqiyotida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘tkazilgan davra suhbati akademik Toshmuhammad Qori Niyoziy hayoti va ijodi, uning o‘zbek fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini aks ettirgan "Davr kabi taqdir" deb nomlangan hujjatli film namoyishi bilan boshlandi. Filmda bo‘lajak matematikning bolaligi, o‘smirligi va yetuk olim darajasiga yetishishi hayotiy tasvirlar bilan boyitilgan.

– Film menga tarixni va ulug‘ insonlar hayotini ko‘proq o‘rganishga undadi, – deydi tadbir ishtirokchisi Saida Arziqulova. – Shunday aziz va ardoqli olimlarimiz borligi bizga faqat g‘urur bag‘ishlaydi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining birinchi prezidenti, akademik Toshmuhammad Qori Niyoziy mashhur olim va jamoat arbobi sifatida biz, yoshlar qalbida mangu yashaydi. Olim qoldirgan meros yillar o‘tsa-da, o‘zining siru sinoati bilan ilm ahlini o‘ziga chorlayveradi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
5 547






Все о погоде - Pogoda.uz