Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

25.08.2017 20:48 Chop etish versiyasi

Buyuk ajdodlarning munosib davomchilari

Yangi mingyillikda ilm-fan, intellektual salohiyat taraqqiyot mezoniga aylanib, tobora yuksak bosqichga chiqmoqda. Mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlarni hayotga tatbiq etish borasida yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qilayotir. Matematik olimlarimiz olib borayotgan ilmiy izlanishlar, erishilayotgan yutuqlar buning yorqin dalilidir.

Aniq mantiqiy mushohadalarga asoslanadigan matematika fani barcha sohalarga bevosita yoki bilvosita daxldordir. Bu fanning taraqqiy topishi Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek singari buyuk ajdodlarimiz nomi va faoliyati bilan bog‘liq ekanini butun dunyo olimlari e’tirof etadi.

Yurtimiz olimlari izlanishlariga nazar tashlasak, bobokalonlarimiz dahosi bugungi avlodlar qonida ham oqayotganiga guvoh bo‘lamiz. T.Sarimsoqov, S.Sirojiddinov, M.Salohiddinov singari atoqli akademiklarning matematika sohasida yaratgan ilmiy maktablari muvaffaqiyatli davom ettirilib, matematikaning yangi qirralari kashf etilmoqda. Sohaning eng ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha olib borayotgan ilmiy izlanishlari bilan yurtimiz olimlari dunyo miqyosidagi kashfiyotlarga munosib hissa qo‘shmoqda.

Davlatimiz rahbarining shu yil 23-avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, san’at va me’morchilik sohasidagi Davlat mukofotlarini berish to‘g‘risida»gi farmoni bilan taniqli matematik olimlarimizdan akademik Shavkat Ayupov, fizika-matematika fanlari doktorlari Karimbergen Kudaybergenov, Bahrom Omirov hamda O‘tkir Roziqov “Noassotsiativ algebralar, differensiallash va nochiziqli dinamik sistemalar nazariyalarini rivojlantirish” fundamental tadqiqoti uchun birinchi darajali davlat mukofoti bilan taqdirlanishi matematika fanining ravnaqi yo‘lida izlanayotgan ilm-fan namoyandalari doimiy e’tiborda ekanidan dalolat beradi.

Keyingi yillarda ilm-fan sohasida olimlarimizning xalqaro aloqalari, rivojlangan mamlakatlar tadqiqotchilari bilan hamkorligi keng rivojlandi. Ayni paytda matematik olimlarimiz izlanishlari uchun ham katta imkoniyatlar ochildi. Bugun O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika instituti kutubxonasida sohaga oid yuzlab qimmatli kitoblar, ilmiy jurnallar mavjud. Institut olimlarining nufuzli Bonn, Oksford, Kembridj universitetlari bilan muntazam ilmiy hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida har yili o‘zbek matematiklarining yuzdan ortiq ilmiy maqolasi AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya kabi mamlakatlardagi yetakchi ilmiy jurnallarda chop etilmoqda.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika instituti direktori Shavkat Ayupov 2003-yilda Jahon fanlar akademiyasining (TWAS) haqiqiy a’zoligiga qabul qilingani ham mazkur fan yo‘nalishidagi yutuqlarimiz sirasidandir. 2015-yilda poytaxtimizda T.Sarimsoqov tavalludining 100-yilligi munosabati bilan tashkil etilgan xalqaro anjuman yurtimiz matematiklarining dunyo ilm-faniga qo‘shayotgan hissasining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Mazkur anjumandagi chiqishidan so‘ng Sh.Ayupov Amerika Qo‘shma Shtatlarining Kaliforniya universitetiga dars berishga taklif qilindi.

Sh.Ayupov hamda uning izdoshlari fundamental tadqiqoti dunyo olimlari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Bugungi kunda Ispaniyaning Sevilya, Malayziyaning Kuala-Lumpur, AQShning Berkli shaharlarida mazkur maktabning o‘ziga xos bo‘linmalari vujudga kelgani, Xitoy, Janubiy Koreya, Fransiya ilmiy markazlari olimlarimiz izlanishlarini o‘rganayotgani fikrimiz dalilidir.

Yurtimiz matematiklarining jahon miqyosida yuksak o‘ringa ega bo‘layotgani nainki mamlakatimiz, balki ko‘plab xorijlik yosh izlanuvchilarning ham e’tiborini jalb etmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika institutida AQShlik 9 talaba algebra fani asoschilarining munosib davomchilari – Sh.Ayupov, K.Kudaybergenov, B.Omirov hamda O‘.Roziqovning ilmiy izlanishlarini o‘rganmoqda.

Muxtasar aytganda, yurtimiz olimlari mehnatining yuksak e’tirofi ularni yanada katta ishtiyoq bilan izlanishga, dunyo ilm-fanida yuqori cho‘qqilarini zabt etishga chorlaydi.

Behzod Bozorov, O‘zA
5 149






Все о погоде - Pogoda.uz