Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

31.01.2017 14:10 Chop etish versiyasi

Buxoroda olima ayollar anjumani bo‘lib o‘tdi

Buxoroda “Xalq manfaatlari – eng oliy qadriyat” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Respublika xotin-qizlar “Olima” uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda ilm-fan taraqqiyotiga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari faoliyatini takomillashtirish va rag‘batlantirish to‘g‘risidagi farmoni hamda bir guruh ilm-fan namoyandalari bilan uchrashuvi buning yorqin dalilidir.

Davlatimiz rahbari olimlar bilan muloqotda mutaxassis kadrlar tayyorlash, fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish, ilmiy salohiyatni iqtisodiyot tarmoqlarining buyurtmalari va muayyan muammolarni yechishga qaratilgan eng muhim tadqiqotlarga yo‘naltirish zarurligini ta’kidladi.

– Mamlakatimizda ilm-fan rivojiga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida viloyatimizdagi oliy o‘quv yurtlarining ham ilmiy salohiyati tobora yuksalmoqda, – deydi Respublika xotin-qizlar “Olima” uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari Abira Huseynova. – Bunda olimalarimizning ham munosib o‘rni bor. O‘tgan yili fan doktorlari safi 2 nafarga kengayib, ayni paytda ular soni 10 dan oshdi. Oliy ta’lim muassasalarida 100 dan ziyod fan nomzodi faoliyat ko‘rsatib, asosan iqtisodiyot, texnika, falsafa, pedagogika va tibbiyot sohalarida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Olimalarimiz ishlanmalari hayotga tatbiq etilib, yaxshi samara berayotir.

Yoshlarni jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol etib tarbiyalash, ularda turli illatlar va buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitetni mustahkamlash barchamizning muhim vazifalarimizdandir. Anjumanda olimalar ham ilmiy faoliyat bilan birga, navqiron avlod kamolotiga mas’ul ekani ta’kidlandi. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida olimalarning joylarda bo‘lib, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, reproduktiv salomatlikka oid tibbiy bilimlarni targ‘ib etishi, erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, oilaviy ajrimlarning oldini olish, kitobxonlikka qiziqishni yanada kuchaytirish mavzularidagi tadbirlarda faol ishtirokiga e’tibor qaratiladi.

Anjumanda fan va ishlab chiqarish hamkorligini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini yanada yaxshilash yuzasidan ham fikr almashildi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
1 704






Все о погоде - Pogoda.uz