O‘zA O`zbek

13.06.2019 Chop etish versiyasi

Bitiruvchilar yo‘llanma bilan ishga yuboriladi

Bitiruvchilar yo‘llanma bilan ishga yuboriladi

Oliy ta’lim 

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida suv xo‘jaligi tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda institut rahbariyati, soha mutaxassislari va bitiruvchilar ishtirok etdi.

Tadbirda suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Akmal Mirzaev tizimni rivojlantirish, suv resurslaridan samarali va tejamli foydalanishni yo‘lga qo‘yishda bilimli va tashabbuskor kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj yuqori ekanini alohida ta’kidladi. Prezidentimizning 2018 yil 17 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq vazirlik tizimiga 280 ta budjet, 72 ta xo‘jalik hisobidagi tashkilot biriktirilgan. Ularda qariyb 40 ming nafar mutaxassis-xodim faoliyat yuritmoqda. Jami xodimlarning 7 ming 400 nafari oliy ma’lumotli mutaxassis, qolgani o‘rta maxsus va o‘rta ma’lumotlidir.

Matbuot anjumanida vazirlik nomenklaturasidagi kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi. Jumladan, 2018 yilda tizimdagi tashkilotlarda ishlayotgan 291 nafar rahbar-xodimning malakasi oshirilib, ularga tegishli sertifikatlar berildi. Vazirlik kadrlar boshqarmasi tomonidan mazur institut va uning Buxoro filialini oxirgi uch yilda tamomlagan bitiruvchilarning ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Shu asosda 300 ga yaqin yosh mutaxassis joylarda ishga qabul qilindi.

Joriy yilda institutni davlat granti asosida bitirayotgan 200 nafardan ortiq talaba suv xo‘jaligi vazirining yo‘llanmasi bilan tizim tashkilotlariga ishga yuboriladi. Ular kamida 3 yil ishlab berishi kerak bo‘lib, sohada amalga oshirilayotgan ish jarayonini o‘rganadi. Aholi yashash hududlaridan uzoqda joylashgan ob’ektlarga ishga yuborilganlar uchun maxsus sharoit yaratiladi.

Tadbirda mutaxassislar xodimlar faoliyatiga oid o‘zgarishlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

– Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida “Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi budjet tashkilotlari tuzilmasini takomillashtirish va xodimlari sonini maqbulashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi joylashtirildi, – deydi Suv xo‘jaligi vazirligi kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Lapasov. – Ushbu hujjat bilan vazirlik tizimidagi budjet tashkilotlari tuzilmasini takomillashtirish va ularning shtat jadvalidagi xodimlarni 2019 yil 1 iyuldan 10 foizga, 2020 yil 1 yanvardan yana 10 foizga maqbullashtirish rejalashtirilgan. Shu orqali xodimlarning oylik maoshi oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Shtati qisqargan xodimlarning bir qismi esa hududiy tashkilotlar tizimidaga yordamchi xo‘jaliklarga ishga jalb qilinadi.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutidagi o‘quv jarayoni, suv xo‘jaligi uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha olib borilgan ishlarga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, so‘nggi yillarda suv xo‘jaligi bo‘yicha talab qilinayotgan ayrim ta’lim yo‘nalishlari qaytadan takomillashtirildi. 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab talaba qabul qilish irrigatsiya-melioratsiya yo‘nalishida 27 foiz, qishloq xo‘jaligi texnikasi sohasida esa 21 foiz ko‘paydi.

Matbuot anjumanida tizimda mazkur yo‘nalishda uchrayotgan muammolar ham muhokama etildi. Tahlillarga ko‘ra, 2019-2021 yillar uchun suv xo‘jaligi sohasida oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj hududlar bo‘yicha 4 ming 626 nafarni tashkil qilib, ayniqsa, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida talab yuqori bo‘lmoqda. Shu tufayli kelgusida viloyatlar uchun davlat granti asosida kadrlar tayyorlashni maqsadli rejalashtirish mo‘ljallanmoqda.

1 011
Abdulaziz MUSAEV, O‘zA