Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.08.2017 18:39 Chop etish versiyasi

Hindistonda o‘tgan xalqaro matematika musobaqasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar ikkinchi o‘rinni egalladi

Hindistonda o‘tgan xalqaro matematika musobaqasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar ikkinchi o‘rinni egalladi Shu yilning 25-31-iyul kunlari Hindistonning Lakhnau shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro matematika musobaqasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar ikkita oltin, ikkita kumush medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida yosh matematiklarimiz pedagoglar, ota-onalar, ta’lim tizimi mutasaddilari tomonidan tantanali kutib olindi.

Mamlakatimizda yosh avlodga puxta bilim berish, ularning ijodiy-intellektual salohiyatini yuzaga chiqarishga yaqindan ko‘maklashish, o‘qitish tizimining barcha bo‘g‘inlarini davr talabiga mos tarzda takomillashtirish yuzasidan katta hajmdagi islohotlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi o‘g‘il-qizlarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishi va ishtiyoqi, iqtidorini namoyon etish yo‘lidagi intilishini orttirishda asosiy omil bo‘lmoqda.

Hindistonda bo‘lib o‘tgan xalqaro matematika musobaqasida jahonning 41 davlatidan yosh matematiklar qatnashgan. Mazkur intellektual bellashuvda to‘rtinchi marta ishtirok etgan O‘zbekiston jamoasi joriy yilda 2 oltin medalni qo‘lga kiritishga muyassar bo‘ldi. Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchilari Doniyor Ismoilov hamda Sevaraxon Ostonova yakka tartibdagi bahslarda o‘z bilim va iqtidorini namoyon etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu o‘quv dargohining 7-sinf o‘quvchisi Olimjon Olimov hamda 8-sinf o‘quvchisi Ismoil Po‘latov yakkalik bahslarida kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Zakovat musobaqasida yosh matematiklarimiz kombinatorika, algebra, geometriya, raqamlar nazariyasi yo‘nalishlarida murakkablik toifasidagi turli masalalarni yakka va jamoaviy tarzda ishlagan.

– Maktabimizda 360 nafar o‘quvchi tahsil oladi, – deydi Qorako‘l tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining o‘qituvchisi Shernazar Salomov. – Bolalar uchun matematika darslari bilan birga guruhlarda mashg‘ulotlar, Olimpiada masalalariga oid to‘garaklar faoliyati doimiy olib boriladi. Eng asosiysi, yurtimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor o‘quvchilarning ulkan muvaffaqiyatiga asosiy omil bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yosh matematiklar o‘rtasida o‘tkazilgan ikki bosqichli tanlov hamda eng ilg‘or metodikalar asosidagi mashg‘ulotlar o‘quvchilar bilimini yanada oshirishga, zehnini charxlashga xizmat qildi.

– Kelajakda yetuk matematik bo‘lishni orzu qilaman, – deydi Sevaraxon Ostonova. – Yuqori natijalarga erishishimda yurtimizda biz, yoshlarga yaratilgan sharoitlar, mehribon ustozlarim, ota-onam va yaqinlarimning g‘amxo‘rligi katta kuch bag‘ishladi.

Darhaqiqat, bugun ko‘pchilik havas bilan boqayotgan bu bolalarga qarab, O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligi va kam bo‘lmasligiga yana bir karra ishonch hosil qilish mumkin.

Nazokat Usmonova, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
1 391






Все о погоде - Pogoda.uz