O‘zA O`zbek

13.06.2019 Chop etish versiyasi

Alifbo muhokamasi. Bu jarayonda har bir fikr muhim ahamiyatga ega

Alifbo muhokamasi. Bu jarayonda har bir fikr muhim ahamiyatga ega

Filologiya fanlari nomzodi Shahnoza Ergashevaning «Ishonch» gazetasi 2019 yil 25 may sonida (№65, 4191) e’lon qilingan «Kaltakka aylanayotgan alif yoxud alifboga o‘zgartirish kiritishdan kimga foyda?» maqolasini o‘qib, muallifning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini isloh qilish borasidagi fikrlari bilan tanishdik.

Albatta, biz ushbu masala bo‘yicha bildirilgan har bir fikrga hurmat bilan qaraymiz. Zero, amaldagi o‘zbek alifbosini isloh qilish zarurati, uning o‘ziga xos kamchilik va noqulayliklari haqidagi xulosalar ilmiy va keng jamoatchilik o‘rtasida ko‘pdan buyon muhokama bo‘layotgani sir emas. Ushbu mavzu doirasida bosma matbuot va internet saytlarida e’lon qilingan ko‘plab maqolalar bunga isbot bo‘la oladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 13 maydagi «Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan bir qator ustuvor vazifalar sirasida universitet jamoasiga «O‘zbek tilining... tovushlar tizimi va ularning yozuvda aks etishi, joriy imlo qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash» vazifasi yuklatilgan edi.

Shu maqsadda 2016 yil sentabr oyida Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida «Lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosini takomillashtirish bo‘yicha Ishchi guruh» tuzildi. O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, keng jamoatchilik vakillari, jurnalistlar, blogerlardan iborat mazkur Ishchi guruh o‘tgan vaqt mobaynida alifbo islohotiga doir turli fikr-mulohazalarni o‘rganib, ayni paytda amalda bo‘lgan alifboning asosiy kamchilik va noqulay jihatlarini aniqladi va ularni bartaraf etish yo‘llarini izladi. Bu jarayonda pedagog-o‘qituvchilar, OAV va nashriyot xodimlari, kompyuter texnologiyalari sohasi mutaxassislarining fikr-mulohazalari e’tiborga olindi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda bu masala yuzasidan xalqimizning fikri o‘rganib borildi. Alifboni takomillashtirish bo‘yicha Prezident virtual qabulxonasiga yo‘llangan ko‘plab murojaatlar ilmiy tahlildan o‘tkazildi.

2018 yil 22 oktabr kuni universitetimizda tashkil etilgan «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini keng joriy etish va takomillashtirish muammolari» deb nomlangan ilmiy-amaliy konferensiyada ishchi guruhning ikki yillik faoliyati haqidagi hisoboti eshitildi. Konferensiya nihoyasida qabul qilingan rezolyusiya «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ida ochilgan «O‘zbek tili jonkuyarlari» va «Lingvist» guruhlarida e’lon qilinib, u qayta-qayta muhokamalardan o‘tkazildi. Ishchi guruhning alifbo islohotiga doir ilmiy asoslangan takliflari «Ma’naviy hayot» jurnalining 2019 yil 1-sonida hamda 2019 yil 21 may kuni internet saytlarida e’lon qilindi. 

Shu o‘rinda Prezident farmoni asosida ish boshlagan Ishchi guruh a’zolari shunchaki emas, huquqiy asosda faoliyat olib borganini ta’kidlamoqchimiz. Zero, birgina 2018 yilning o‘zida joriy alifboni takomillashtirish yuzasidan 3 ta muhim, davlat ahamiyatidagi hujjat qabul qilindi.

Birinchi hujjat – 2018 yil 15 mayda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi X.Sultonov tomonidan tasdiqlangan «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasi». 

Ikkinchi hujjat – O‘zbekis¬ton Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev huzurida 2018 yil 17 iyulda o‘tkazilgan majlis bayoni (28-band).

Uchinchi hujjat – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Kengashining «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Toshkent shahrida tatbiq etilishini o‘rganish natijalari to‘g‘risida»gi 2018 yil 15 noyabrdagi QQ-456-III-son qarori asosida ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasining Bosh Vaziri A.Aripov tomonidan 2018 yil 24 dekabrda tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi».

Albatta, bunday muhim hujjatlarning qabul qilinishiga yozuv va imloga doir muammoli vaziyat sabab bo‘lyapti. Ishchi guruh o‘z ishini mazkur davlat hujjatlarida qayd qilingan topshiriqlarni bajarishga yo‘naltirdi va bu boradagi birlamchi ishini yakunlab, tegishli hujjatlarni umumxalq muhokamasiga taqdim qilish uchun vakolatli idoralarga topshirdi. Albatta, ishlab chiqilgan alifbo loyihasi bu qabul qilindi degani emas. Oldimizda uzoq muhokamalar, undan so‘ng Qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi turibdi. Bundan tashqari, Qonun loyihasi ishlab chiqilganidan so‘ng rasmiy ravishda yana bir bor umumxalq muhokamasidan o‘tkaziladi. 

Bugun birgina g‘ yoki o‘ harfini yozish uchun 5-6 marta (!) klaviatura tugmasini bosishimizga to‘g‘ri kelayotgani, bu harflardagi ‘ belgisining elektron lug‘atlar tuzish, heshteglar hosil qilish va boshqa jarayonlarda to‘siq bo‘layotgani informatika va das¬turchi mutaxassislar tomonidan ilmiy asoslangan. Qoraqalpoq qardosh¬larimiz 2016 yildayoq bu belgilardan tamomila voz kechgani bejiz emas. Ishchi guruh xulosasida isloh qilinishi zarur bo‘lgan boshqa harflar bo‘yicha ham yetarli ma’lumot berilgan. 

Bugun katta islohotlar davrida yashayapmiz. Birgina ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar, maktablarimizning yana 11 yillik bo‘lgani – fikrimiz isboti. Ammo, ta’lim tizimi isloh bo‘lsa-yu, uning asosiy poydevorini tashkil qiluvchi milliy yozuvimiz noqisligicha qolsa, savodxonlik masalasi jamiyatimizdagi eng og‘riqli nuqtamiz bo‘lib qolaveradi.

Bugun – mamlakatimizda ma’rifat, kitobxonlik, ta’lim-tarbiyaga keng e’tibor berilayotgan bir pallada milliy alifbomiz, imlomizdagi kamchiliklarni to‘g‘rilashga ¬sa’y-harakat qilayotganimiz oqilona ish bo‘lmoqda. Hukumatimiz, ziyolilarimizning bu borada yakdilligi, shubhasiz, xalqimizning buguni va kelajagiga xizmat qiladi.

Fikrimiz so‘ngida befarq bo‘lmasdan, jonkuyarlik bilan maqola yozgani uchun Sh.Ergashevaga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Zero biz taqdim qilgan alifbo loyihasi muhokama jarayonida bo‘lib, u yuzasidan bildirilgan har bir fikr-mulohaza bu borada yakuniy xulosa chiqarishga asos bo‘ladi. 

Tahririyat jamoasiga ham o‘z minnatdorchiligimizni bildirgan holda, shu yo‘nalishdagi maqolalarning e’lon qilinishida, ya’ni kechayotgan qizg‘in muhokamalarni ob’ektiv yoritib borishda yordam berishini iltimos qilgan bo‘lar edik. Xususan, ayrim fikrlarda qisqa i va cho‘ziq i tovushlari uchun alohida harflar belgilanishi (qozoq alifbosidagi kabi) haqidagi takliflar bildirilmoqda. Tahririyatdan mazkur taklif bo‘yicha ham ziyolilarning fikrini keng yoritishini so‘rab qolamiz.

Ishchi guruh a’zolari: 
Sh.SIROJIDDINOV,
S.MUHAMEDOVA,
N.JONUZOQ

TAHRIRIYaTDAN: Alifbo – savodxonligimizning asosiy o‘zagi. Savod masalasi millat kelajagidir. Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini isloh qilish jarayoni esa ko‘pchilikning e’tiroz va savollariga sabab bo‘lmoqda. Shunday ekan, tahririyat keng muhokama bo‘layotgan ushbu mavzu yuzasidan barcha ziyolilarni munozaraga chorlaydi, ular uchun minbar ajratishga tayyor. Zero, alifbomiz mukammal bo‘lar ekan, millat savodxonligi, avlodlarimiz ma’naviy olami uchun mustahkam poydevor yaratiladi. Demak, muhokama davom etadi.

Manba: “Ishonch” gazetasi

1 212
O‘zA