O‘zA O`zbek

10.10.2019 19:18 Tibbiyot

Qarshi shahar tugʻruq majmuasi bosh vrachi, uch nafar shifokori va bir nafar hamshirasi vazifasidan ozod etildi

Qarshi shahar tugʻruq majmuasi bosh vrachi, uch nafar shifokori va bir nafar hamshirasi vazifasidan ozod etildi

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahar tugʻruq majmuasi xodimlarining bemorlardan taʼmagirlik qilish holatlari haqida berilgan tanqidiy videolavha oʻrganildi.

Aniqlanishicha, mazkur holat haqiqatan ham Qarshi shahar tugʻruq majmuasida roʻy bergan. Ayni paytda huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan ham mazkur vaziyat oʻrganilmoqda.

Oʻz navbatida, Sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassislari tomonidan ham mazkur holat tekshirilib, shifokorlar obroʻsi va shaʼniga toʻgʻri kelmaydigan bunday noxush holat sodir etilishiga yoʻl qoʻygan xodimlarga nisbatan qatʼiy chora koʻrildi. Jumladan, tugʻruq majmuasining uch nafar shifokori va bir nafar hamshirasi hamda tegishli qonun talablariga rioya etilishi borasida nazoratni susaytirgani uchun Qarshi shahar tugʻruq majmuasi bosh shifokori Salima Achilova egallab turgan vazifasidan ozod etildi.

Shu bilan birga, murojaatda qayd etilgan ona va bolaning salomatligi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan alohida nazoratga olindi. Oʻrganishlar jarayonida shu narsa ham aniq boʻldiki, Qarshi shahar tugʻruq majmuasida Oʻzbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga rioya etilishi holati qoniqarli emas. Masʼul rahbarlarga bu borada har bir xodim bilan jiddiy tushuntirish olib borish, ichki jamoatchilik nazoratini kuchaytirish vazifasi topshirildi.

Aytish kerakki, bugun mamlakatimizda tibbiyot xodimlarining samarali mehnat qilishi, ularni ijtimoiy muhofazalash borasida katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Tibbiyot xodimlarining ish haqlari bosqichma-bosqich oshirilmoqda, soha vakillarini majburiy mehnatga jalb qilishning oldini olish borasidagi chora-tadbirlar barchani mamnun etdi. Bugungi kunda viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi hududida shahar tugʻruqxonasi uchun 4 qavatli, 200 oʻrinli bino, shuningdek, viloyat perinatal markazi, viloyat skrining markazi va reproduktiv salomatlik markaz binolari qurilishi jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Bu ham tibbiyot xodimlarining yaxshi sharoitlarda mehnat qilishi uchun muhim omil boʻlishi shubhasiz.

Shunday imtiyoz va imkoniyatlar yaratilayotgan bir paytda yuqoridagi kabi noxush holatlarning roʻy bergani juda afsuslanarlidir. Shifokor qanchalik bilimli, malakali va mohir mutaxassis boʻlmasin, agar u taʼmagirlik qilsa, avvalo oʻziga, qolaversa, butun tibbiyot tizimiga nisbatan odamlarda ishonch va ixlosni yoʻqotadi. Shu bois, tizimda bunday xodimlar ishlashiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.

Oʻz navbatida, fuqarolarimizga murojaat qilib, shuni aytgan boʻlardikki, tibbiyot muassasalarida bunday muammolarga duch kelinganida, har bir shifoxonadagi, xususan, Sogʻliqni saqlash vazirligining 1003 raqamli “Ishonch telefoni”ga bogʻlanib, xabar berishingizni soʻraymiz.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

OʻzA