O‘zA O`zbek

28.11.2017 18:44 Yoshlarga oid davlat siyosati

“Yoshlar poyezdi” Surxondaryoda

“Yoshlar poyezdi” Surxondaryoda Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlab “Yoshlar poyezdi” targ‘ibot aksiyasi o‘tkazildi.

Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq o‘tkazilgan aksiya o‘g‘il-qizlarni mamlakatimizda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar bilan yaqindan tanishtirish, ularda yurt taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

5.JPG

Taniqli olimlar, kino va teatr aktyorlari, sportchilar, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollaridan iborat targ‘ibot guruhi a’zolari viloyat markazi va tumanlarda, olis va chekka hududlarda bo‘lib, aholi, jumladan, yoshlar bilan uchrashdi. Dildan muloqot qilib, mamlakatimizda erishilayotgan ulkan yutuqlar, tinch, obod turmush va yosh avlodning har tomonlama barkamol ulg‘ayishi uchun zamonaviy sharoit yaratishda Konstitutsiyamizning alohida o‘rni borligini hayotiy misollar bilan tushuntirib berdi. Ta’lim muassasalari, harbiy qismlarda yoshlarning izlanish va intilishlari bilan qiziqdi.

Boysun tumanidagi 6-musiqa va san’at maktabi, Boysun agrosanoat kasb-hunar kollejida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Tog‘li tuman yoshlari yaratib berilayotgan keng imkoniyat va zamonaviy sharoitlar ularda Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘usini yanada yuksaltirayotgani hamda obod va ozod O‘zbekistonga munosib farzand bo‘lib ulg‘ayishga da’vat etayotganini o‘zgacha faxr bilan ta’kidladi.

12.jpg

– Boysunlik tengdoshlarimda tog‘li hududga xos shijoat va qat’iyat borligi, ularning teran fikrlashi meni hayratga soldi, – deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoli M.Habibullayev. – Ularning samimiy tuyg‘ulari, izlanishlari har qancha tahsinga loyiq. Ular maqsad va intilishlariga erishishi uchun ozgina turtki kerak, xolos. Viloyatning boshqa hududlaridagi yoshlarning orzu-intilishlari ham bizda katta taassurot qoldirdi. Tadbirlarda yigit-qizlar erishayotgan yutuqlarni tinglab, savollariga javob berdik. Duch kelayotgan muammolarini birgalikda yechish choralarini ko‘rdik.

Shunday ochiq muloqot va Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari Termiz shahri, Uzun, Sariosiyo, Denov, Oltinsoy, Sho‘rchi, Qiziriq va boshqa tumanlarda ham bo‘lib o‘tdi. Ta’lim muassasalarida “Kitob targ‘iboti” aksiyasi o‘tkazilib, kitoblar to‘plamlari topshirildi. Harbiy qismlardan birida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti tuzildi. Tumanlarda imkoniyati cheklangan yoshlar, yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilar holidan xabar olinib, ma’naviy qo‘llab-quvvatlandi, qiziqarli badiiy kitoblar sovg‘a qilindi. Termiz shahridagi 12-Mehribonlik uyiga sovg‘a-salomlar berildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA