O‘zA O`zbek

30.11.2017 17:55 Yoshlarga oid davlat siyosati

“Yoshlar poyezdi” Qashqadaryoda

“Yoshlar poyezdi” Qashqadaryoda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlab Qashqadaryo viloyatida tashkil etilgan “Yoshlar poyezdi” targ‘ibot aksiyasida taniqli olimlar, kino va teatr aktyorlari, sportchilar, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollaridan iborat targ‘ibot guruhi a’zolari tumanlarda, olis va chekka qishloqlarda yoshlar bilan uchrashuv va ochiq muloqotlar o‘tkazdi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar, ro‘y berayotgan demokratik o‘zgarishlar haqida so‘zlab berdi.

– Mazkur aksiya Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq o‘tkazilmoqda, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati kengashi raisi Sh.Sattorov. – Aksiya yoshlarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish, tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirish, davlatimiz tomonidan yosh tadbirkorlar va yosh oilalarga berilayotgan imkoniyat hamda imtiyozlarni keng targ‘ib etish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalar farzandlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.

Muloqotlarda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan mavzular va qiynayotgan muammolarni o‘rtaga tashladi. Qiziqish va maqsadlaridan kelib chiqib, takliflar bildirdi. G‘uzor tumanidagi G‘uzor neft-gaz sanoati kasb-hunar kollejida tashkil etilgan ochiq muloqot ham shu ruhda o‘tdi.

– Tumandagi 34-umumta’lim maktabida o‘qiyman, – deydi Kamola Farmonova. – Qaysidir yo‘nalishda yutuqqa erishgan tengdoshlarimni televizorda ko‘rsam yoki ular haqida gazeta-jurnalda o‘qisam, havasim keladi. Qaniydi, men ham ularga o‘xshab, yutuqlarga erishsam, deb orzu qilaman. Ammo maktabimizda bunga sharoit yo‘q. Maktab foyyesidagi ro‘yxatga yozib qo‘yilgan to‘garaklarning birortasi deyarli faoliyat yuritmaydi. Ayniqsa, biz, yoshlar juda qiziqadigan sport to‘garaklariga aytarli e’tibor berilmaydi. Masalan, men tikuvchilik, to‘quvchilikka qiziqaman. Uzoqroq joyga borib, bu hunarni o‘rganishga imkoniyatim yo‘q. Shu bois, maktabimizda ham shunday to‘garaklar ochilsa, men kabi yoshlar uchun ayni muddao bo‘lardi.

5.jpg

– Qarshi pedagogika kollejini 2008-yilda bitirganman, – deydi g‘uzorlik Dilafro‘z Boltayeva. – Eh-he, ish so‘rab nechta ta’lim muassasasining eshigini taqillatdim, baridan rad javobi oldim. Ma’lumoting o‘rta, deb ishga qabul qilishmayapti. Bu masala yuzasidan murojaat qilmagan tashkilotim qolmadi. Sirtqi bo‘limga o‘qishga kiray desam, unga ham 3-4 yillik mehnat staji kerak. Axir, ishlamasam, stajni qayerdan olaman? Kunduzgi bo‘limda o‘qishni sharoitim ko‘tarmaydi. Ko‘pchilik qatori men ham ishlashni, oilamga ko‘maklashishni istayman, ammo bunga yechim topa olmayapman. Bugungi uchrashuvda targ‘ibot guruhiga shu muammoni aytdim. Ular yozib olishdi va hal qilishga va’da berishdi. Ishondim.

Bildirilgan taklif va muammolar mutasaddilar ishtirokida ko‘rib chiqildi va aksariyati joyida hal etildi, qolganlarini ham qisqa muddatlarda hal etishga va’da berildi.

Targ‘ibot guruhi a’zolari tumandagi “Sho‘rtangazkimyo” majmuasida yosh ishchi-xodimlar bilan muloqot o‘tkazdi, korxonda tuzilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti faoliyati bilan tanishdi. Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyati va hayotimizdagi ahamiyati yoshlarga tushuntirildi. Muloqot jarayonida “Kitob targ‘iboti” aksiyasi o‘tkazilib, mutolaaga qiziquvchi ishchilarga kitob sovg‘a qilindi.

12.jpg

– Bugungi muloqot juda ajoyib bo‘ldi, – deydi ishchi Ilhom Jamolov. – Ayniqsa, kitob mutolaasi borasidagi fikrlar menda katta taassurot qoldirdi. Rostdan ham, kitobxonlik kishining tafakkurini o‘stiradi. Doim ish bilan bo‘lib, kitob o‘qishga umuman e’tibor qaratmay qo‘ygan ekanman. Oxirgi marta farzandlarimga qanday kitob olib berganimni eslay olmayman. Hoziroq tadbirdan chiqib, farzandlarimga sovg‘a uchun kitob olaman.

Ikki kun davom etgan targ‘ibot tadbirlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida bo‘lib o‘tdi. Unda chekka qishloqlardagi ta’lim muassasalari, mahallalar, harbiy qismlar va kasalxonalarga kitoblar sovg‘a qilindi. Imkoniyati cheklangan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga sovg‘alar topshirildi. Tajribali shifokorlar jalb qilingan holda, bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etildi. Bundan tashqari, joylarda uyushmagan yoshlarning fikrlari o‘rganildi, ularni foydali yumushlarga jalb etish chora-tadbirlari ko‘rildi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA