O‘zA O`zbek

30.11.2017 15:29 Yoshlarga oid davlat siyosati

Yetakchilar uchun o‘quv seminari o‘tkazildi

Yetakchilar uchun o‘quv seminari o‘tkazildi Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar” oromgohida umumta’lim maktablarining yoshlar yetakchilari uchun o‘quv seminari o‘tkazildi.

Prezidentimizning 2017-yil 18-iyuldagi “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan seminarda barcha viloyatlardan 219 nafar yoshlar ishtirok etdi.

Yetakchilar guruhlarga bo‘linib, o‘quvchilar bilan ishlash, ularning qiziqishi, muammolarini o‘rganish va o‘z vaqtida hal etish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Malakali mutaxassislarning voyaga yetmagan va uyushmagan yoshlar bilan ishlash xususiyatlari, bolalar tarbiyasida ota-ona va jamoatchilikning ahamiyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi. Joylarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari, imkoniyati cheklangan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi va kasb-hunar o‘rganishiga ko‘maklashish yuzasidan fikr almashildi.

21.JPG

– O‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ular o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish muhim ahamiyatga ega, – deydi Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi 26-umumta’lim maktabi yoshlar yetakchisi Rustam Muxtorov. – Bu borada maktabimizda “Ingliz tilini o‘rganamiz”, “Yosh matematik”, “Yosh kimyogar”, “Mohir qo‘llar” kabi 20 dan ortiq to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Unda malakali o‘qituvchilar mashg‘ulotlarni muntazam o‘tkazib, o‘quvchilarning darsdan tashqari bilim o‘zlashtirishini nazorat qilib boradi.

Seminar doirasida yoshlar yetakchilarining butun o‘quv yili davomida bajarishi lozim bo‘lgan vazifalari yuzasidan soha xodimlari bilan ochiq muloqoti o‘tkazildi. O‘quvchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlik va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga oid zarur tavsiyalar berildi.

Tadbirda faol ishtirok etgan yoshlar yetakchilariga tashkilotchilar tomonidan sertifikatlar topshirildi.

Abdulaziz Musayev, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA