O‘zA O`zbek

28.11.2017 17:47 Yoshlarga oid davlat siyosati

Islohotlarni ro‘yobga chiqarishda yoshlarning o‘rni va roli juda muhim

Yoshlar tarbiyasi barcha zamonlarda ham eng muhim, insoniyat kelajagini belgilovchi masala bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Shu bois mamlakatimizda yoshlar kamoloti masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgani va mamlakatimizda 30 iyun – Yoshlar kuni, deb e’lon qilingani kelajagimiz egalari hayotida muhim voqea bo‘ldi. Prezidentimizning ushbu tashkilot faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qarori bilan tasdiqlangan dasturda yoshlarni mas’uliyatli lavozimlar zaxirasiga kiritish, oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli qabul qilish, imkoniyati cheklangan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash kabi g‘oyat muhim tashkiliy-huquqiy tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda tarixiy o‘zgarishlar, ta’bir joiz bo‘lsa, ilgari misli ko‘rilmagan islohotlar jarayoni kechmoqda. Jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan maqsad – “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun”, degan olijanob tamoyil ustuvor bo‘lgan demokratik davlat va adolatli jamiyat barpo etishdir. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi islohotlar samaradorligini yanada oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama uyg‘un va jadal rivojlantirish uchun sharoit yaratish, barcha sohalarni modernizatsiya qilish va erkinlashtirishdek maqsadlarga xizmat qilayotir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan boshlangan iqtisodiy siyosat zamirida “xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”, degan yondashuv yotgani, ayniqsa, oddiy odamlar qalbida bugunidan shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘usini mustahkamlamoqda. Negaki, har bir inson yaxshi yashash, orzu-havas ko‘rish, mehnatiga yarasha daromad topish uchun ish sharoitiga ega bo‘lishni xohlaydi. Demak, ular, albatta, shunday tabiiy istak va intilishni siyosat darajasiga ko‘targan shaxs va davlatni qo‘llab-quvvatlaydi.

Biz oldimizga katta maqsadlar qo‘ydik. Mamlakatimizda boshlangan keng ko‘lamli islohotlarni yoshlarimiz davom ettiradi. Bu sohada nima qilishimiz, o‘zimizga munosib o‘rinbosarlar tayyorlash borasida qanday ishlarni amalga oshirishimiz kerak, degan fikr ko‘plab savollarga javob topishga undaydi. Mamlakatimiz aholisi, jumladan, kombinat ishchilarining salmoqli qismini tashkil etadigan yoshlarning bugungi kayfiyati, qiziqishu intilishlari, ma’naviy-ruhiy olami qanday? Ular uchun hayotda nimalar qadriyat darajasiga ko‘tarilgan? Ularni qanday masalalar ko‘proq o‘ylantiradi?

Islohotlarni ro‘yobga chiqarishda yoshlarning o‘rni va roli juda muhim, albatta. Negaki, Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan dasturga muvofiq, 2017-2026 yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 27 loyihani amalga oshirish belgilangan. Qiymati 3 milliard 63 million dollar bo‘lgan mazkur loyihalar natijasida 2026 yilga borib ishlab chiqarish hajmi 30 foizga oshadi. 31 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Bunday ulug‘vor dasturni amalga oshirishda yoshlar faolligini ta’minlashdan tashqari, ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash uchun ham hozirdanoq ishni tizimli ravishda tashkil etishimiz darkor.

Yoshlarimizda faol hayotiy nuqtai nazar, aniq bir maqsadga intiluvchanlik, ijtimoiy harakatchanlik izchil shakllanib borayotir. Muhimi, yoshlar o‘z Vatani bilan faxrlanadi, islohotlarga daxldorlik tuyg‘usi yuksak ularda. Bu, shubhasiz, Prezidentimiz rahnamoligida ijtimoiy yo‘naltirilgan yoshlar siyosati amaliyotga samarali tatbiq etilayotgani natijasidir. Yoshlarimiz qadimiy va boy tariximizni bilishi zarur va ayni paytda ularni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashimiz lozim. Binobarin, kalondimog‘lik, beparvolik, loqaydlik, boqimandalik kabi salbiy illatlardan asrashimiz kerak.

Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni va 18-iyuldagi “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida Navoiy kon-metallurgiya kombinatida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yetakchilar kengashi raisi, Markaziy kon boshqarmasi, Shimoliy kon boshqarmasi, Janubiy kon boshqarmasi, Zarafshon qurilish boshqarmasi, 5-kon boshqarmasi, 1-Gidrometallurgiya zavodi va Navoiy mashinasozlik zavodida boshlang‘ich tashkilotlar yetakchilari uchun bittadan shtat birligi ajratildi.

Yoshlarni texnikaga oid kasblarga yo‘naltirish ishlarini kuchaytirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Iqtisodiyot rivoji uchun mazkur sohaga ixtisoslashgan konchi, mexanik, dasturchi, marksheyder kabi mutaxassisliklar bo‘yicha yosh kadrlarga ehtiyoj bor. Bu kadrlarni biz Navoiy davlat konchilik institutida tayyorlamoqdamiz. Bugungi kunda institutda 12 bakalavr va 8 magistratura yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Institut 1995-yilda tashkil etilgan bo‘lsa-da, yaqin yillargacha uning yangi binosini qurish paysalga solib kelingan, laboratoriya bazasi juda nochor ahvolda edi. O‘quv jarayoni eski binolarda olib borilardi. Biz bu masalani atroflicha o‘rganib chiqib, birinchi navbatda, talabalarning institutda olgan nazariy bilimini amaliyotda qo‘llashi uchun kombinat bo‘linmalarida ixtisoslik kafedralari filiallarini tashkil etishga kirishdik. Qisqa davrda Navoiy mashinasozlik zavodi, 1-Gidrometallurgiya zavodi, 5-kon boshqarmasida “Metallurgiya”, “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish”, “Texnologik mashinalar va jihozlar”, “Noyob va radioaktiv metallar rudalarini qazib olish, qayta ishlash texnikasi va texnologiyasi” kabi yo‘nalishlar uchun kafedra filiallari tashkil etildi, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida “Kimyoviy texnologiya” kafedrasi, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati va “Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatida “Elektr energetika” kafedrasi filiallari ochildi. Bu ishlar o‘zining ijobiy samarasini bera boshladi.

Endigi navbat Navoiy davlat konchilik institutining zamonaviy o‘quv xonalari va eng so‘nggi laboratoriya jihozlariga ega bo‘lgan o‘quv binosini barpo etish edi. Loyihani tayyorlash jarayoniga tajribali mutaxassislar jalb etildi. Zarafshon qurilish boshqarmasi quruvchilari tomonidan 80 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan institutning 2 ming talabaga mo‘ljallangan o‘quv binosi 2016-yilda bo‘lajak konchi, metallurg, energetik va kimyogarlar ta’lim olishi uchun o‘z eshiklarini ochdi. Davlatimiz tomonidan ajratilgan 6 million dollar mablag‘ hisobidan zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari keltirib o‘rnatildi. Ishonch bilan ayta olamanki, yaqin kelajakda muassasada nafaqat farzandlarimiz, balki xorijiy davlatlar yoshlari ham kelib tahsil oladi. Navoiy shahrida qad rostlagan buyuk mutafakkir Alisher Navoiy haykali poyiga hurmat bilan gulchambarlar qo‘yadi. O‘zbekiston yoshlarining hech kimdan kam emasligi va hech qachon kam bo‘lmaganligiga amin bo‘ladi.

Kombinatda mehnat qilayotgan ishchilarning aksariyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini bitirgan yoshlardir. Bu yoshlarning ko‘pchiligi o‘z sohasining haqiqiy mutaxassisi bo‘lsa-da, oliy ma’lumotga ega emasligi ularni yuqori lavozimlarga ko‘tarishda muayyan qiyinchiliklar tug‘dirardi. Mazkur masalaga ham joriy yilda yechim topildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan 2017-2018-o‘quv yilidan Navoiy davlat konchilik institutida 6 yo‘nalish bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘lim ochildi va dastlabki qaldirg‘ochlar – 90 nafar yoshlarimiz talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi.

Yana bir masalaga alohida to‘xtalib o‘tishni joiz deb bilaman. Bir paytlar kombinat eshigidan kirolmagan mahalliy yoshlar bugun kombinatning eng katta tayanchi, suyanchidir. Hozirgi kunda kombinatda mehnat qilayotgan ishchilarning 93 foizga yaqini, rahbar kadrlarning 90 foizdan ortig‘i hamda mutaxassislarning 88 foizini mahalliy kadrlar tashkil etayotgani mamlakatimizda mahalliy muhandis kadrlarni tayyorlash borasida uzoqni o‘ylab olib borilgan siyosat natijasidir. Kombinatda faoliyat olib borayotgan ishchilarning o‘rtacha yoshi 37 yosh bo‘lib, 30 yoshgacha bo‘lgan rahbar va mutaxassislar ulushi 32 foizga to‘g‘ri kelmoqda.

Yoshlar mehnat faoliyati davomida yuqori lavozimga ko‘tarilishi uchun barcha imkoniyatni yaratib berish, qo‘rqmasdan rahbarlik lavozimiga taklif etish zarur. Negaki, Prezidentimizning bilim va salohiyatli yosh rahbarlarda tajriba yetarli bo‘lmasa, ularga o‘zim o‘rgataman, degan so‘zlari bizga dasturilamal bo‘lishi kerak. Zamonaviy fikrlaydigan va shijoatli yosh rahbarlarni tarbiyalash, ularga tajriba o‘rgatish, eng muhimi, islohotlar falsafasini ongu shuuriga singdirish soha kelajagi qanday bo‘lishini ta’minlaydigan muhim omildir. Bugun kombinatda mehnat qilayotgan har bir yosh, birinchi navbatda, amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samaralar berishiga ishonadi. Shunday ekan, bo‘lajak rahbarlarga nafaqat zamonaviy texnika va texnologiyalarni boshqarishni o‘rgatish, balki ularni odamlar bilan muloqot qilish, ishchilarga mehnat va dam olishi uchun munosib sharoit yaratish yo‘lida doimo qayg‘uradigan, qisqacha aytganda, xalq dardu tashvishi bilan yashaydigan insonlar qilib tarbiyalashimiz zarur.

Quvondiq Sanaqulov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi,
Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori,
O‘zbekiston Qahramoni.

O‘zA