Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

27.11.2017 14:41 Yoshlarga oid davlat siyosati

Govurgon qadimiy manziliga sayohat: ekspeditsiya natijalari qanday bo‘ldi?

Govurgon qadimiy manziliga sayohat: ekspeditsiya natijalari qanday bo‘ldi? Joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tuzilgan yoshlar ekspeditsiyasining Surxondaryo viloyati Bobotog‘ hududidagi Govurgon qadimiy manziliga sayohati uyushtirilgan edi.

Yoshlar ittifoqi markaziy kengashida ushbu ekspeditsiya va ilmiy izlanishlar natijalariga bag‘ishlab tadbir o‘tkazildi.

Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 24-maydagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini tiklash, buyuk allomalarimiz, aziz-avliyolarimizning ilmiy, diniy va ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, muqaddas qadamjolarini obod qilish, yosh avlodni ularning ezgu an’analari ruhida tarbiyalash, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi islohotlar samarasini oshirishni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

– Bu kabi loyihalar yoshlarda Vatan tuyg‘usini oshirishga xizmat qiladi, zaminimizning har bir go‘shasi va tarixini asrab-avaylashga o‘rgatadi, – deydi yoshlar ekspeditsiyasi rahbari Faxriddin Ashrafxo‘jayev. – Vatanimiz hududida hali o‘rganilmagan, har tomonlama va to‘liq tadqiq etilmagan manzillar juda ko‘p. Sayohatimiz mobaynida o‘quvchi-yoshlar bilan birgalikda izlanishlar olib borib, bir qancha ma’lumot va topilmalarga ega bo‘ldik.

Tadbirda ekspeditsiya a’zolarining sayohat taassurotlari hamda topilmalarning tarixiy ahamiyati haqida fikr-mulohazalari tinglandi. Ushbu o‘rganishlar malakali mutaxassislar ishtirokida davom ettirilishi va “Govurgon – yoshlar nigohida” hujjatli filmi suratga olinishi rejalashtirilayotgani qayd etildi.

Tadbirda O‘zbekiston davlat san’at muzeyi hamda Temuriylar tarixi davlat muzeyi mutasaddilariga ekspeditsiya davomida qo‘lga kiritilgan osori-atiqalar hamda noyob qo‘lyozmalar topshirildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA