O‘zA O`zbek

27.11.2017 15:28 Yoshlarga oid davlat siyosati

Fan va ta’lim rivojida yoshlarning o‘rni

Toshkentdagi Turin politexnika universitetida «Fan va ta’limni rivojlantirishda yoshlarning o‘rni» mavzuida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Tadbir O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Fan va texnologiyalar agentligi hamkorligida yoshlarni ilmiy yangiliklar, ixtirolar qilish va innovatsion texnologiyalar yaratish jarayonlariga keng jalb qilish maqsadida tashkil etildi. Unda hamkor tashkilotlar mutasaddilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari, izlanuvchi-tadqiqotchilar, yosh olimlar va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.Yo‘ldoshev, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi o‘rinbosari D.Kattaxonova va boshqalar mamlakatimizda yoshlar manfaatini himoya qilish, orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, ularning har tomonlama barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Besh yuzdan ortiq maqola va tezislar orasidan ekspertlar guruhi saralab olgan uch yuzga yaqin material mualliflari anjumanda ilmiy ishlari bilan qatnashdi.

Ilmiy-amaliy anjuman yurtimiz yoshlarining ilmiy axborotlari, fizika-matematika va texnika, ijtimoiy-gumanitar hamda tabiiy fanlarining dolzarb muammolari, internet orqali radikallashuvni bartaraf etish yo‘llari kabi yo‘nalishlarda olib borildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA