O‘zA O`zbek

24.11.2017 19:59 Yoshlarga oid davlat siyosati

Birga kitob o‘qiylik!

Birga kitob o‘qiylik! Poytaxtimizdagi “Bolajon” madaniyat va istirohat bog‘ida “Birga kitob o‘qiylik!” mavzuida ommaviy kitobxonlik aksiyasi o‘tkazildi.

Tadbir O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda "Intellekt" kitobxon yoshlar klubi hamkorligida tashkil etildi.

Unda taniqli san’atkorlar, aktyorlar, shoir, yozuvchi va adiblar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini oshirish, intellektual saviyasini rivojlantirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilayotir.

Mazkur hujjat ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan tadbirda inson kamolotida muhim o‘rin tutuvchi kitoblar va mutolaa zavqi haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Mushoira va suhbatlar, intellektual viktorinalar uyushtirildi.

Aksiya dorasida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yetakchi nashriyotlarning kitob ko‘rgazmalari ham tashkil qilindi.

Mohigul Qosimova, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA