O‘zA O`zbek

29.11.2017 13:25 Yoshlarga oid davlat siyosati

Agrar tarmoqda yoshlar ittifoqi tashkil etildi

Poytaxtimizda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidagi yetakchilar kengashining ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda vazirlik tizimidagi barcha tashkilot, muassasa va korxonalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmalari hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarining Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi xodimlari, iqtidorli yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi –O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayev va boshqalar mamlakatimizda yoshlarning bilim va iqtidorini namoyon etishi, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilayotganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh etishning yangi bosqichini boshlab berdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidagi yetakchilar kengashi raisini saylash masalasi ko‘rib chiqildi. Vazirlikning byudjet tashkilotlari va muassasalarini moliyalashtirish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari R.Nurjanov mazkur kengashning raisi etib saylandi.

Kelgusida yoshlar o‘rtasida agrar tarmoqda fan va texnika yutuqlarini, zamonaviy resurslar va suvni tejovchi agrotexnologiyalarni, ilg‘or mahalliy va xorijiy tajribalarni joriy qilishga doir targ‘ibot ishlarini olib borish, qishloq xo‘jaligini jadal hamda mutanosib ravishda rivojlantirish, mamlakatimizning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ishlab chiqarish va realizatsiya qilishga jalb qilish orqali yoshlarning bandligi va daromadlarini oshirish borasida qator fikr-mulohazalar bildirildi.

Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi o‘rtasida yoshlar masalalari sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA