Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini, ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, salomatligini mustahkamlash, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir.

"/>
O‘zA O`zbek

22.01.2014 16:50 Xotin-qizlarga e'tibor - kelajakka e'tibor

Xotin-qizlar manfaatlari – doimiy e’tiborda

Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini, ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, salomatligini mustahkamlash, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2004-yil 25-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlarining kafolatlari Konstitutsiya va boshqa qonun hujjatlarida o‘z ifodasini topgan. O‘zbekistonda xotin-qizlar manfaatlari ifoda etilgan qator xalqaro huquqiy hujjatlar, jumladan, BMTning Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi (CEDAW) ratifikatsiya qilingan.

Poytaxtimizda “Gender statistikasini jamlash, tahlil qilish va undan foydalanishni takomillashtirish” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida mazkur hujjatlar asosida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar va ularning samaralari xususida so‘z yuritildi. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi hamkorligi va Osiyo taraqqiyot bankining mintaqaviy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda xotin-qizlarga bo‘lgan yuksak e’tibor tufayli ularning ijtimoiy-siyosiy faolligi tobora oshib borayotgani ta’kidlandi. Bunda xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy asos muhim omil bo‘layotir.

Mamlakatimizda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor masalasi BMTning tegishli qo‘mitasi tomonidan o‘rganib borilmoqda. O‘tgan davrda bu borada O‘zbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilingan majburiyatlarning ijrosiga doir to‘rtta Milliy hisobot ko‘rib chiqilgan. Davlatimizning har bir davriy hisoboti muhokama qilinib, uning natijalariga ko‘ra yakuniy takliflar taqdim etilgan. Shu asosda mamlakatimizda Milliy harakat dasturi ishlab chiqilib, uning ijrosi izchil ta’minlanmoqda.

Davra suhbatida ta’kidlanganidek, gender statistikasi erkaklar va ayollar, o‘g‘il va qiz bolalarning davlat va jamiyat hayotidagi faoliyatida yuz berayotgan o‘zgarishlarni kuzatish imkonini beradi. Erkak va ayollarning shart-sharoitlari, muammolarini aniqlashga ko‘maklashadi. Shu bois mamlakatimizda bu masalaga alohida e’tibor berilib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan mamlakatimiz gender statistikasi bo‘yicha ilk veb-sayt yaratildi. Tadbirda taqdimoti o‘tkazilgan mazkur manbada mamlakatimiz hayotiga oid demografiya, ijtimoiy himoya, mehnat, ta’lim, sog‘liqni saqlash yo‘nalishlari bo‘yicha barcha ma’lumotlar jamlanishi bilan birga, huquqbuzarlikka oid ma’lumotlar ham o‘rin olgan.

Anjumanda gender statistikasiga oid bunday keng ko‘lamli ma’lumotlar bazasi dastur va strategiyani ishlab chiqishda, muvaffaqiyatli rejalashtirish va monitoring olib borishda muhim ahamiyat kasb etishi, uni muntazam takomillashtirib borish zarurligi qayd etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.


O‘zA, N.Abduraimova