O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi boshqaruvining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur jamoat tashkilotining 2013-yildagi faoliyati yakunlari va istiqboldagi vazifalari atroflicha tahlil etildi.

"/>
O‘zA O`zbek

07.02.2014 11:24 Xotin-qizlarga e'tibor - kelajakka e'tibor

Xotin-qizlar manfaati – doimiy e’tiborda

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi boshqaruvining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur jamoat tashkilotining 2013-yildagi faoliyati yakunlari va istiqboldagi vazifalari atroflicha tahlil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova boshqargan yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xotin-qizlarning oila va jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalariga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2004-yil 25-mayda qabul qilingan «O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini yanada oshirish, ularning ta’lim olishi, mehnat qilishi, o‘z bilim va qobiliyatini namoyon etishi uchun barcha zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratishda muhim omil bo‘layotir.

Bu yo‘nalishdagi ishlar Obod turmush yilida ham izchil davom ettirildi. 2013-yilda xotin-qizlar uchun 466 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etildi. Ularning aksariyati yangi ishlab chiqarish inshootlarini ishga tushirish, mavjud korxonalarni kengaytirish va quvvatini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish, uy mehnatining barcha shakllarini tashkil etish hisobidan yaratildi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Savdo-sanoat palatasi, «Mikrokreditbank» ochiq aksiyadorlik tijorat banki, «Tadbirkor ayol» uyushmasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida xotin-qizlar va kollej bitiruvchilarida tadbirkorlik ko‘nikmasini rivojlantirish, ayollarning iqtisodiy bilimini yanada oshirish maqsadida turkum seminarlar tashkil etildi. Ayni paytda kasb-hunar kollejini tamomlagan qizlarni ishga joylashtirish, ularning biznes loyihalarini hayotga tatbiq etishga yaqindan ko‘maklashish – doimiy e’tiborda.

Qo‘mitaning qator tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan O‘zbekiston ayollarining iqtisodiy huquqlarini hayotga keng tatbiq etish loyihasi doirasida qishloq joylarda istiqomat qilayotgan ayollarning iqtisodiyotga oid bilimlari oshirilib, 347 nafar xotin-qizga 708 million so‘m miqdorida mikrokreditlar ajratildi. 355 nafar ayolning bandligi ta’minlandi. Kichik korxonalarni qo‘llab-quvvatlash loyihasi doirasida qariyb uch ming nafar ayolga tadbirkorlik asoslari bo‘yicha maslahat berildi. Loyiha doirasida ayollarning bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari barpo etish, kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ishga joylashtirish kabi dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Qo‘mita faollari, tegishli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamkorligida mahallalarda “Jinoyatchilik profilaktikasi”, “Salomatlik”, “Ta’lim-tarbiya”, “Bandlik”, “Oilalarga kirish” kabi beshta sektor asosida ish olib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Ajrimlarning oldini olish, yoshlar ma’naviyatini shakllantirish, bilim maskanlarida o‘quv-tarbiya jarayonini yanada yaxshilash, 9-sinf o‘quvchilarini ta’limning keyingi bosqichiga to‘liq jalb etishda xotin-qizlar boshlang‘ich tashkilotlarining hissasi katta bo‘lmoqda.

– Ayollar uchun munosib mehnat va turmush sharoiti yaratish, ularning og‘irini yengil qilish masalasi doimiy diqqat-e’tiborimizda, – deydi Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Mavluda Qobulova. – Xususan, viloyatimizda namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan qishloq massivlarida ayollar uchun maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etildi. Ayollarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni yanada obodonlashtirish, qizlarni sportga keng jalb etish bo‘yicha tizimli ishlar bajarildi.

Yig‘ilishda qo‘mitaning Sog‘lom bola yilida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan istiqbol rejalari belgilab olindi.


O‘zA, Nazokat Usmonova