O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 21-yilligiga bag‘ishlab “Xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash – doimiy e’tiborda” mavzusida respublika anjumani tashkil etildi.

"/>
O‘zA O`zbek

21.11.2013 15:54 Xotin-qizlarga e'tibor - kelajakka e'tibor

Xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash – doimiy e’tiborda

Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar.
(O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 46-modda).

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 21-yilligiga bag‘ishlab “Xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash – doimiy e’tiborda” mavzusida respublika anjumani tashkil etildi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faollari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, huquqshunos olimlar, ekspertlar ishtirok etdi.

Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi raisi E.Boqiboyev, O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari N.Mirodilova, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari D.Allayev, Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Abdurahimova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan mamlakatni modernizatsiya qilish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida xotin-qizlarga yuksak hurmat va e’tibor ko‘rsatish, ularning faolligini oshirish, ayniqsa, qizlarni o‘n ikki yillik ta’lim bilan to‘liq qamrab olish borasidagi keng ko‘lamli ishlar muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning erkaklar bilan teng huquqliligi, oila, onalik va bolalik manfaatlari muhofazasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, ko‘plab huquqiy hujjatlarda mustahkamlab qo‘yilgan.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 1991-yil 27-dekabrda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tashkil etilgani ayollar, oilalar va bolalar bilan bog‘liq davlat siyosatini izchil amalga oshirish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoyalash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimizning 1995-yil 2-martda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining davlat va ijtimoiy qurilishida xotin-qizlarning rolini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari va joylardagi xotin-qizlar qo‘mitalari raislariga hokim o‘rinbosari maqomi berildi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2004-yil 25-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ayollarni ijtimoiy himoyalashga oid ishlarni yanada kuchaytirish, salomatligini mustahkamlash, tadbirkorlikka oid ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini hayotga tatbiq etish uchun yaqindan ko‘maklashish, faoliyati xotin-qizlarga oid jamoat tuzilmalari ishini doimiy muvofiqlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish borasidagi izchil islohotlar samarasida “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” dasturi umummilliy harakatga aylandi. Nufuzli xalqaro institutlarning e’tirof etishicha, O‘zbekiston dunyoning 125 davlati orasida xotin-qizlar uchun qulay sharoitlar yaratish va onalikni muhofaza qilish borasida yetakchi o‘rinlardan birini egallab turibdi. Jahon reytingida mamlakatimiz yosh avlod salomatligiga eng ko‘p g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan o‘n davlat safidan joy oldi.

Aholi genofondini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida ayollarning o‘rtacha umri 66 yoshdan 73,5 yoshga uzaydi. Onalar va go‘daklar o‘limi 3 barobar kamaydi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi ijtimoiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga oid vazifalarning belgilangani ayollar masalalari bilan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tobora kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xotin-qizlar nodavlat notijorat tashkilotlari soni 2012-yilda 539 taga yetdi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi ayollarga oid davlat siyosatini keng jamoatchilikka yetkazish, mazkur tizim faoliyatini yanada jonlantirish, uning davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorligini mustahkamlash, ayollarning ijtimoiy faolligiga oid yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surish, ijtimoiy ahamiyatga molik dastur hamda hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Ushbu jamoat tashkiloti tizimida 208 hududiy bo‘linma, 43 mingga yaqin boshlang‘ich tashkilot faoliyat yuritmoqda.

“Obod turmush yili” Davlat dasturi doirasida xotin-qizlar, ayniqsa, qishloq ayollari uchun munosib turmush sharoiti yaratish, o‘smir qizlarga g‘amxo‘rlik va e’tiborni kuchaytirish, ularni ta’limning keyingi bosqichiga to‘liq qamrab olish, kasb-hunarga yo‘naltirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga oid ishlar hajmi yanada ortdi.

Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan dasturlar samarasida 2013-yilning 9 oyi davomida 371,5 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Ularning qariyb 90 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keldi. O‘tgan davrda tijorat banklari tomonidan tadbirkor ayollarga ajratilgan mikrokreditlar 499,5 milliard so‘mni tashkil etgani mamlakatimizda ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ezgu ishlar ko‘lamining naqadar kengligini tasdiqlaydi.

2013-yilda fertil yoshdagi 7 milliondan ortiq ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Xotin-qizlar qo‘mitalari tomonidan mahalla yoshlari o‘rtasida o‘z salomatligiga bo‘lgan e’tibor va mas’uliyatni kuchaytirishga, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish tuyg‘usini shakllantirishga, ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan minglab targ‘ibot-tushuntirish tadbirlari o‘tkazildi. Ta’lim dargohlarida “Orasta qizlar” to‘garaklari faoliyatining keng yo‘lga qo‘yilgani ta’lim-tarbiya ishini yanada takomillashtirish, qizlarning tibbiy, huquqiy bilimini oshirish, ularning oila va jamiyat oldidagi mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

– Oilaning ahil va baxtiyorligi, hayotimizning yanada obod va farovonligi ko‘p jihatdan xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeiga bog‘liq, – deydi Surxondaryo viloyati Uzun tumani hokimining o‘rinbosari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilorom Safarova. – Tashkilotimiz tegishli hokimlik va idoralar, vazirliklar, jamoat tuzilmalari bilan birgalikda xotin-qizlar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, erta turmush qurish, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar, to‘ylardagi ortiqcha dabdababozliklarning oldini olish, kollejni tamomlagan qizlarni ish bilan ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarga doimiy e’tibor qaratmoqda.

Anjumanda xotin-qizlar qo‘mitalari tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan rahbar xodimlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi saviyasini yuksaltirish borasida amalga oshiriladigan aniq tadbirlar belgilab olinadi. Ishtirokchilar Toshkent shahridagi namunali mahallalar faoliyati bilan tanishadilar. Anjuman doirasida “Tadbirkor ayolning eng yaxshi loyihasi” tanlovi g‘oliblari taqdirlanadi.

Anjumanning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.


O‘zA, Nazokat Usmonova