Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zuhra Ibragimova bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

"/>
O‘zA O`zbek

12.02.2014 20:05 Xotin-qizlarga e'tibor - kelajakka e'tibor

Xotin-qizlar faoliyati qo‘llab-quvvatlanmoqda

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xotin-qizlarning mamlakatimiz iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayotidagi faolligini oshirish, ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, salomatligini mustahkamlash, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar o‘z samaralarini bermoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zuhra Ibragimova bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

– Prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida ishtirokini ta’minlash, farzand tarbiyasi, oiladagi mas’uliyatini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani samarasida deputatlar, korxona va tashkilot, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, ilm-fan namoyandalari orasida xotin-qizlar safi tobora kengayib bormoqda.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 ming 250 nafardan ziyod xotin-qiz turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga 4 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga 8 nafar, shahar va tuman Kengashlariga 76 nafar xotin-qiz deputat etib saylangani ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga qaratilayotgan ulkan e’tiborning amaliy ifodasidir. 165 nafar olima ilm-fan taraqqiyoti yo‘lida samarali mehnat qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2004-yil 25-maydagi “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘layotir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2013-yilda xotin-qizlar uchun qariyb 21 ming yangi ish o‘rni yaratildi. Xotin-qizlar o‘rtasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, oilasiga, el-yurtga naf keltirayotgan ayollarimiz safi kengayib bormoqda. Ayni paytda 8 ming 800 ga yaqin ayol shu sohada faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini ichki va tashqi bozorga olib chiqishga O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi va bank muassasalari tomonidan moddiy va ma’naviy yordam berilmoqda. 2013-yilda 1 ming 298 nafar tadbirkor ayolga 27 milliard 538 million so‘mdan ziyod kredit mablag‘i ajratilib, 2 ming 382 yangi ish o‘rni yaratildi.

Mahallalarda xotin-qizlarning faolligini oshirish, qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, erta nikohning oldini olish borasida ishlab chiqilgan dasturlar asosida joylardagi xotin-qizlar boshlang‘ich tashkilotlari ham samarali ish olib bormoqda. Xususan, “Eng namunali xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida sovrinli o‘rinlarni egallagan Ellikqal’a tumanidagi “Toshkent” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar qo‘mitasi rahbari Azira Qurbaniyazova, To‘rtko‘l tumanidagi 27-umumta’lim maktabi xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti rahbari Sapargul Qaqaboyeva, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti rahbari Alima Pirniyazova kabi opa-singillarimiz bilan faxrlanamiz.

Xotin-qizlarni sportga keng jalb etish, ular o‘rtasida sportning ommaviyligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar ham e’tiborga loyiq. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Gimnastika federatsiyasi hamkorligida o‘tkazilgan an’anaviy “Gimnastika barcha uchun” ayollar sport musobaqasida qoraqalpog‘istonlik xotin-qizlar muvaffaqiyatli ishtirok etgani buning dalilidir. Nukusdagi bolalar va o‘smirlar sport maktabining “Persona” jamoasi “Eng zo‘r dinamika” nominatsiyasida 1-darajali diplom bilan taqdirlandi. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Umuman aytganda, butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham xotin-qizlar faolligini oshirishga, ularning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda va bu o‘z samarasini bermoqda.


O‘zA, A.Ortiqboyev, Maqsad Habibullaev (surat)