O‘zA O`zbek

08.05.2014 18:24 Xotin-qizlarga e'tibor - kelajakka e'tibor

Sportchi qizlarga Prezident sovg‘alari topshirildi

Buxoro viloyati Vobkent tumanida sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan 559 nafar qizga milliy va zamonaviy uslubda tikilgan sport kiyimlari topshirildi.

Tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarni jismonan va ma’nan sog‘lom insonlar etib kamolga yetkazishga qaratilayotgan alohida e’tibor sport, xususan, bolalar sportini yanada rivojlantirish, uning ommaviyligini ta’minlashda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan viloyatda 13 bolalar sport majmuasi, badiiy gimnastika markazi, umumta’lim maktablarining sport zallari qurilib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi.

Viloyatda 2003-2013-yillarda bolalarni sportga jalb etish ko‘rsatkichi 10-14 foizdan 45 foizga, qizlar o‘rtasida esa 6-8 foizdan 32 foizga o‘sdi.

– Jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi Vobkent qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Gulinigor Kamolova. – Liboslar bejirimligi va sifati bilan menga juda yoqdi. Biz, sportchi yoshlarga ko‘rsatilayotgan doimiy g‘amxo‘rlikdan behad mamnunmiz.

Bunday tadbirlar viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham tashkil etilib, 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 6 ming 343 nafar sportchi qizga sport kiyimlari topshirildi.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi M.Esonov so‘zga chiqdi.


O‘zA, E.Yodgorov